12/07/2023

 Aholini ro‘yxatga olish o‘zi nima uchun kerak? Ko‘p yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzil aniq bo‘lsagina, yuqori samara beradi.

Qo‘limizda har bir hududga doir aniq faktlar bo‘lsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta bo‘ladi. Aynan shuning uchun bizga butun Respublika yoki viloyatni qamrab oladigan ishonchli ma’lumotlar kerak va ular doimiy  ravishda yangilanib borilishi shart.

Bunday aniq va yaxlit ma’lumotlar esa aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi.

Shunga qarab o‘tmish va bugun haqida fikr-mulohaza yuritish hamda kelajakni farazlash mumkin.

Aholini ro‘yxatga olish aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma’lumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma’lumot olishning yagona manbai hisoblanadi.

Aholini ro‘yxatga olishning tarixi

Aholini ro‘yxatga olish ya’ni odamlar hisobini yuritish amaliyoti ilk bor miloddan avvalgi 3-ming yillikdan boshlangan. 

Bu jarayon dastlab Osiyo va Afrika davlatlari, Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoy va Yaponiyani qamrab olgan. Bu islohotdan ko‘zlangan maqsad soliq to‘lovchilar va askarlikka yaroqli aholi sonini aniqlash bo‘lgan.

Ilk o‘rta asrlarda mazkur tartibot birmuncha takomillashgan. Aholini hisobga olish elementlari xo‘jaliklarning yozma kitoblar, kadastrlardagi tavsiflari bilan uyg‘unlashgan.  

Aholini universal ro‘yxatga olish 1665 yilda Yangi Fransiya (Kvebek) koloniyasida bo‘lib o‘tdi. AQShda 1790 yilda to‘liq aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borildi.

Aholini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha zamonaviy bosqich XX asrning o‘rtalaridan boshlangan va o‘sha davrda bir qator Osiyo mamlakatlarida aholi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. 

XX asrning oxiriga kelib esa aholini ro‘yxatga olish dunyoning deyarli barcha hududini qamrab oldi.