10/02/2023

 Dunyodagi  har bir mamlakat, o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida muntazam ravishda aholini ro‘yxatga oladi.  Ko‘pchilik mamlakatlarda bu jarayon har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi.

                Aholini ro‘yxatga olish bizga nima beradi?

 Avvalo aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi.

Mazkur ko‘rsatkichlar orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi. O’z navbatida ushbu ma’lumotlarga asosan aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlar shakllantiriladi.

 Aholini ro‘yxatdan o‘tkazish  natijasida Respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ayollar hamda bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati yaratiladi.

Chunki, aholi punktlari infratuzilmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish va samarali joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu ma’lumotlar nihoyatda  qo‘l keladi. 

Bundan tashqari aholini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida to‘plangan ma’lumotlar orqali milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yaratiladi.