19/07/2021

Petr Chaykovskiy qaynatilmagan suv ichmaganida, Petr I ning nabirasi chechakka chalinmaganida, Anton Chexov sil bilan og'rimaganida bugungi dunyo butunlay boshqacha bo'larmidi?

Xavfli kasalliklarga qarshi o'z paytida chora ko'rilmaganda edi, insoniyat er yuzidan qirilib ketishi aniq edi. Insonlar hech qachon xavfli kasaliklardan himoya qilinmagan. Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashni o'rganish uchun yuz yillar vaqt sarflangan.

Jahon sog'liqni saqlash tarixida “pandemiya” degan tushuncha bor. Bu bir vaqtning o'zida bir nechta mamlakatda qayd qilingan global epidemiyani anglatadi.

Pandemiya tufayli butun boshli qishloqlar, orollar yo'q bo'lib ketgan. Agar bu kasalliklarga qarshi davo topilmaganda edi, ko'plab olim, yozuvchi, bastakor, rassomlar xayotdan bevaqt ko'z yumgan bo'lardi.

Bugun biz insoniyat boshiga balo yog'dirgan, shu bilan birga dunyoni o'zgartirib yuborgan ayrim kasalikllar xaqida qisqacha ma'lumot beramiz.

 

XIX asrda sil kasalligi Evropa katta yoshdagi aholisining chorak qismining umriga zomin bo'ldi. XX asrda sil tufayli jaxonda 100 millionga yaqin kishi vafot etdi. Sil tayoqchalari Robert Kox tomonidan 1882 yilda kashf etilgan bo'lishiga qaramay, hamon insoniyat bu kasallikdan butunlay halos bo'la olmayapti. Olimlarning fikricha, bugungi kunda er yuzi axolisining uchdan bir qismi sil tayoqchalarini yuqtirib olgan. Har soniyada bir kishining silga chalinishi aytiladi.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, 2013 yilda 9 million kishi silga chalingan bo'lib, shundan 1,5 millioni vafot etgan. Bu kasallik o'lim keltirish bo'yicha OITSdan keyin ikkinchi o'rinda turadi. Silga chalingan bemorning bir marta aksirishi yonidagi kishiga virusni yuqtirishga olib keladi.

Biroq ko'rilayotgan chora tadbirlar o'z samarasini berayotganidan ham aslo ko'z yumib bo'lmaydi. 2000 yildan beri shifokorlar 40 milliondan ortiq kishining hayotini saqlab qoldi. Bu kasallik tufayli yozuvchilar Anton Chexov, Ilya Ilf, Konstantin Aksakov, Frants Kafka, Emiliya Brontelar vafot etishgan.