Toshkent tumani hokimligining kichik majlislar zalida davlat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlarini tashkil etishga bagʻishlangan ishchi yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda tashkilot rahbarlariga oʻz tasarrufidagi xodimlarni census.stat.uz portali orqali roʻyxatdan oʻtkazishni toʻliq taʼminlash vazifasi yuklatildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrda qabul qilingan PF–173-son Farmoniga muvofiq, 2026 yilda mamlakat miqyosida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbiriga rasman start berildi. Ushbu hujjatda roʻyxatga olish jarayonini tashkil etish, uni oʻtkazish muddatlari va masʼul tuzilmalar aniq belgilab qoʻyilgan.
Roʻyxatga olish — bu faqat statistik koʻrsatkich emas, balki davlat siyosati, ijtimoiy-iqtisodiy rejalashtirish va hududlarni rivojlantirish uchun mustahkam axborot bazasidir. Shu bois ushbu jarayonda har bir tashkilot rahbarining masʼuliyati va faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi.





