Joriy yilning 24-sentyabr kuni Toshkent viloyati statistika boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentyabrdagi PF-190-son “Statistikani rivojlantirish — 2030” milliy strategiyasini tasdiqlash hamda ro‘yxatga olish ma’lumotlaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminari tashkil etildi.
Tadbirda boshqarma rahbariyati, tarkibiy bo‘linmalar hamda tuman va shahar statistika bo‘limlari xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda bosh yuriskonsult F.Jo‘rayev tomonidan Farmonda belgilangan ustuvor vazifalar, “Statistikani rivojlantirish — 2030” milliy strategiyasining asosiy yo‘nalishlari hamda statistika tizimini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar yuzasidan taqdimot namoyish etildi.
Taqdimot davomida quyidagi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:
- rasmiy statistikani tayyorlovchilar faoliyatini yagona yondashuv asosida muvofiqlashtirish va ma’lumotlar sifatini oshirish;
- xalqaro standartlar va zamonaviy modellarga muvofiq statistika uslubiyatlarini takomillashtirish;
- statistikani raqamli transformatsiya qilish hamda tadbirkorlarning hisobot yukini kamaytirish;
- mamlakatimizda o‘tkazilishi belgilangan “Biznesni ro‘yxatga olish” tadbiriga puxta tayyorgarlik ko‘rish.
Seminar yakunida ishtirokchilar mavzu yuzasidan fikr almashib, Farmon ijrosini ta’minlash hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab oldilar.




