12/06/2024

Dunyodagi har bir mamlakat, o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida ma’lum bir belgilangan davrlarda aholisini ro‘yxatga olib boradi. Ko‘pchilik mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi.

Aholini ro‘yxatga olish shunchaki statistika emas, balki bu mamlakat aholisining ma’lum bir vaqtdagi fotosuratini ko‘rish imkoniyatini beradigan yirik miqyosdagi tadbir hisoblanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish bo‘yicha har o‘n yillikda raund e’lon qilinadi va unda a’zo mamlakatlarga o‘z hududlarida kamida bir marta aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish tavsiya etiladi. Xususan, 2015 yil
10 iyun sanasida qabul qilingan rezolyutsiyasida a’zo davlatlarga aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish tadbirini 2015-2024 yillar oralig‘ida kamida bir marta o‘tkazish tavsiya etilgan.

Bugungi kunga kelib, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarining aksariyatida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazildi, faqat Ukraina, Moldova va O’zbekiston Respublikalarida hali bu tadbir o‘tkazilmadi.

2000 - 2010 yillar raundida MDH mamlakatlarining barcha a’zolari hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi hududlaridagi ko‘pgina mamlakatlar aholini ro‘yxatga olishda faqatgina an’anaviy usuldan, ya’ni aholi bilan yuzma-yuz so‘rov o‘tkazish usulidan foydalanishgan.

Aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishning so‘nggi 2020 yil raundida esa Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlari hamda Rossiya Federatsiyasi aholini ro‘yxatga olishda an’anaviy usul bilan birga, zamonaviy texnologiyalardan, Internet tarmog‘idan, planshet va boshqa mobil qurilmalardan keng foydalanishdi.

Bunday ko‘rinishdagi zamonaviy texnologiyalardan hamda noan’anaviy usullardan keng foydalanish respontdentlar hamda ro‘yxatga oluvchilarga yuklamaning kamayishiga, birlamchi ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash hamda yakuniy ma’lumotlarni e’lon qilish jarayonlarini tezlashtirishga, yakuniy ma’lumotlar sifatining oshishiga xizmat qiladi.

Mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, aholi daromadlarini oshirish va ularga munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan bir paytda, aholining joriy hisobi bo‘yicha mavjud ma’lumotlar aholi soni, yashash sharoiti, ma’lumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi, millat tarkibi, respublika hududida aholining joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar to‘g‘risida aniq xulosa va tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat bermayapti.

Shuning uchun ham Prezidentimizning tegishli Farmonlari va Hukumat qarorlariga muvofiq respublikamizda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari tizimli ravishda davom etmoqda.