22/05/2024

 Aholini ro‘yxatga olish ya’ni odamlar hisobini yuritish amaliyoti ilk bor miloddan avvalgi 3-ming yillikdan boshlangan.

 Bu jarayon dastlab Osiyo va Afrika davlatlari, Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoy va Yaponiyani qamrab olgan. Bu islohotdan ko‘zlangan maqsad soliq to‘lovchilar va askarlikka yaroqli aholi sonini aniqlash bo‘lgan.

 Ilk o‘rta asrlarda mazkur tartibot birmuncha takomillashgan. Aholini hisobga olish elementlari xo‘jaliklarning yozma kitoblar, kadastrlardagi tavsiflari bilan uyg‘unlashgan.

Aholini universal ro‘yxatga olish 1665 yilda Yangi Fransiya (Kvebek) koloniyasida bo‘lib o‘tdi. AQShda 1790 yilda to‘liq aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borildi.

Aholini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha zamonaviy bosqich XX asrning o‘rtalaridan boshlangan va o‘sha davrda bir qator Osiyo mamlakatlarida aholi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

XX asrning oxiriga kelib esa aholini ro‘yxatga olish dunyoning deyarli barcha hududini qamrab oldi.

Hozir jahonning ko‘plab rivojlangan davlatlarida aholi o‘rtacha har o‘n yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? O’zbekiston hududida ilk bor aholini ro‘yxatga olish tadbiri                        1897 yilda amalga oshirilgan. Shundan so‘ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980 yillarda aholi ro‘yxatga olingan. Ushbu tadbir so‘nggi bor  1989 yilda o‘tkazilib, o‘sha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan.

Mamlakatimizda 1989 yildan keyin va mustaqiligimizning hozirgi kuniga qadar  aholini ro‘yxatga olish ishlari o‘tkazilmagan.