Joriy yilning 22- avgustidan boshlab Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutida “Statistika asoslari” boʻyicha qayta tayyorlov oʻquv kursi tashkil etildi.
Ushbu oʻquv kursida Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparati hamda hududiy statistika organlarining tayanch maʼlumoti statistika va iqtisodiyot sohasi boʻlmagan barcha toifadagi xodimlari taʼlim olishmoqda.
Taʻkidlash lozimki, Prezidentimizning 2020- yil 3- avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga koʻra, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda iqtisodiyot tarmoqlari xodimlarining bilim va koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida “Statistika asoslari” boʻyicha turli oʻquv-kurslari tashkil etish vazifasi belgilangan edi.
Mazkur qaror ijrosini taʻminlash maqsadida Davlat statistika qoʻmitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti professor-oʻqituvchilari tomonidan oliy taʻlim muassasalari oʻqituvchi va talabalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi idoralari xodimlari uchun “Statistika asoslari” boʻyicha keng tushuncha berib kelmoqda.
Mazkur oʻquv kurslarida tinglovchilarga makroiqtisodiy statistik koʻrsatkichlar tahlili, milliy statistikaning xalqaro statistikaga integratsiyasini amalga oshirish, statistik maʻlumotlarni shakllantirish borasida maʻlumotlar berilmoqda.
Shuningdek, oʻquv kursi ishtirokchilariga maʻruza matnlari, taqdimot materiallari, ijtimoiy-iqtisodiy statistika boʻyicha tayyorlangan tahliliy statistik maʻlumotlar haqida batafsil tushuncha berilmoqda.