2026-yil 12-iyun kuni Toshkent viloyati statistika boshqarmasida “Huquqiy targ‘ibot kuni” doirasida davlat fuqarolik xizmatchilarining xizmat faoliyatidagi mas’uliyati va majburiyatlariga bag‘ishlangan huquqiy targ‘ibot yig‘ilishi tashkil etildi.
Tadbirda “Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishning asosiy maqsadi, tartibi, muddatlari hamda deklaratsiyani topshirmaslik yoki unda bila turib yolg‘on va noto‘g‘ri ma’lumotlarni ko‘rsatishning huquqiy oqibatlari” mavzusida batafsil tushuntirishlar berildi.

Yig‘ilish boshqarmaning Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishi bo‘yicha mas‘ul (bosh yuriskonsulti) F. Jo‘rayev tomonidan olib borildi. Unda O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 8-avgustdagi O‘RQ–788-son “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasi va 20-moddalarida Davlat fuqarolik xizmatchisi “qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari va mol-mulki toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etishi” shartligi belgilanganligi haqida ma’lumot berildi.
Xususan, davlat fuqarolik xizmatchilari qonunchilikda belgilangan muddatlarda va tartibda o‘z daromadlari hamda mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishlari shart ekani, deklaratsiyalash tizimining asosiy maqsadi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, deklaratsiyani rasmiylashtirish va topshirish tartibi, belgilangan muddatlarga rioya qilishning ahamiyati hamda deklaratsiyani topshirmaslik yoki unda ataylab noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatish bilan bog‘liq huquqiy javobgarlik masalalari yuzasidan xodimlarga zarur tushunchalar berildi.




