Select any text and click on the icon to listen!

28/03/2025

2025-yilning 28-mart kuni Milliy statistika qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-27-son Farmonining mazmun-mohiyati mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

1_7j1a2112-_p70703

Unda Milliy statistika qo‘mitasi rahbariyati, mas’ul mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, farmonda belgilangan vazifalar mamlakatimizda rasmiy statistikani yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish, uni xalqaro talablarga muvofiq tarzda shakllantirish va ma’lumotlardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Farmon bilan, Prezident huzuridagi Statistika agentligi Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etilib, uning funksiya va vazifalari sezilarli darajada kengaytirildi. Milliy statistika qo‘mitasi endilikda nafaqat statistik ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish, balki ularning ishonchliligini ta’minlash, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida yanada ko‘proq mas’uliyatli vazifalarni bajaradi.

2_7j1a2135_p27184

Makroiqtisodiyot va tarmoq darajalarida statistik kuzatuv o‘tkazish tizimini hamda ularning metodologiyasini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish, aholi, tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari ehtiyojidan kelib chiqib yangi statistik mahsulot va xizmatlarni joriy etish orqali Statistika ishlari samaradorligi oshiriladi. Shuningdek, integratsiya jarayonlarini kengaytirish orqali statistik hisobotlarni qisqartirish va biznesga “hisobot yuki”ni kamaytirib borish ham tizim oldidagi ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

Har bir viloyat, tuman va shahar bo‘yicha iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlarni avtomatik shakllantirish imkonini beruvchi “Hududlar statistikasi” axborot tizimi ishga tushiriladi. Ushbu tizim orqali hududlardagi demografik holat, iqtisodiy faollik, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalari va boshqa muhim ko‘rsatkichlar haqida real vaqt rejimida ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi.

3

Korxona va tashkilotlarga hisobot topshirish jarayonida maslahat berish uchun sun’iy intellektga asoslangan “Maslahatchi” interaktiv xizmati joriy etiladi. Ushbu xizmat tadbirkorlik subyektlariga statistik hisobotlarni shakllantirish, topshirish tartibi va talablari bo‘yicha avtomatik tavsiyalar berish imkonini yaratadi. Shuningdek, tizim hisobotlardagi xatoliklarni aniqlab, ularni to‘g‘rilash bo‘yicha tavsiyalar beradi hamda foydalanuvchilarning savollariga tezkor javob qaytarish uchun moslashtiriladi.

Foydalanuvchilarga statistik ma’lumotlarni tez va oson izlab topishda ko‘maklashuvchi “Tahlilchi” konsultativ xizmati ishga tushiriladi. Ushbu xizmat orqali foydalanuvchilarning ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, statistik manbalardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilgan.

4

Statistik kuzatuvlarni yanada samarali tashkil etish maqsadida telefon orqali ma’lumot to‘plash imkonini beruvchi “Call-markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu markaz kuzatuvlarni o‘tkazish jarayonini soddalashtirish, respondentlar bilan tezkor aloqa o‘rnatish va ma’lumotlarni o‘z vaqtida yig‘ish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, “Call-markaz” orqali respondentlarga kuzatuv jarayoni, savolnomalarni to‘ldirish tartibi va talab etiladigan ma’lumotlar bo‘yicha tushuntirish berish mexanizmlari ishlab chiqilishi mumkin. Bundan tashqari, markaz orqali yig‘ilgan ma’lumotlarni tezkor qayta ishlash va tahlil qilish orqali statistik ma’lumotlarning ishonchliligi va sifatini oshirishga e’tibor qaratiladi.

Yangi farmon doirasida kichik biznes va mikrofirmalar uchun statistik hisobot topshirish jarayoni soddalashtirildi. To‘siqlarni kamaytirish hamda tadbirkorlarning vaqt va resurslarini tejash maqsadida hisobot berish mexanizmlarini takomillashtirish, ma’lumotlarni taqdim etish jarayonini yanada qulaylashtirish va ortiqcha to‘siqlarni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, xodimlar soni 5 nafardan kam va yillik daromadi BHMning 2 000 barobarigacha bo‘lgan korxonalar uchun hisobot topshirish tartibi soddalashtirilib, ular endilikda har yili emas, balki uch yilda bir marotaba hisobot taqdim etadi. Bunda davlat ulushi 50 %dan yuqori bo‘lgan hamda aksiz solig‘i to‘lovchi korxonalar mazkur tartibdan mustasnodir.

5_7j1a2199_p48131

Milliy statistika qo‘mitasi davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya qilinishi orqali elektron ma’lumot almashish huquqiga ega bo‘ladi. Bu jarayon ma’lumotlar uzatilishini avtomatlashtirib, statistik tahlilning tezkorligini va aniqligini ta’minlaydi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmining aniq statistik hisob-kitoblarini yuritish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Kadastr agentligi hamda boshqa tegishli davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va ma’muriy ma’lumotlaridan keng foydalaniladi. Bu esa tarmoqdagi real holatni tahlil qilish va samarali qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Ushbu o‘zgarishlar raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish, inson omilini kamaytirish va statistik ma’lumotlarning sifatini oshirishga xizmat qiladi.

6_7j1a21356_p35521

Milliy statistika tizimini xalqaro amaliyotga muvofiq takomillashtirish maqsadida, 2025-yil yakuniga qadar bir qator muhim tashabbuslar amalga oshiriladi. Jumladan, milliy statistika tizimida sifatni boshqarishning ilg‘or mexanizmlarini joriy etish holati baholanadi va mavjud muammolar aniqlanadi. Shuningdek, sifatni oshirish uchun xalqaro tajribalar o‘rganilib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Statistikani rivojlantirish milliy strategiyasi ishlab chiqiladi. Strategiyada milliy statistika uslubiyatlarini xalqaro tashkilotlar standartlariga uyg‘unlashtirish, tadbirkorlar uchun hisobot yukini kamaytirish, raqamli yechimlardan keng foydalanish hamda talab yuqori bo‘lgan tahliliy ma’lumotlarni tayyorlash mexanizmini joriy etish nazarda tutiladi.

7

Select and listen