22/08/2024

Aholini ro‘yxatga olishning birlamchi ma’lumotlar tizimi O’zbekiston Respublikasi hududida yaxlit va har bir ma’muriy-hududiy birlik bo‘yicha aniq bir vaqtda yashovchi shaxslarning turli tavsiflari to‘g‘risida xalqaro taqqoslana oladigan ishonchli, xolis va yaxlit ma’lumotlarni yagona statistik uslublar asosida yig‘ish, qayta ishlash, tahlil etish, taxrirlash, umumiy ma’lumotlarni shakllantirish hamda aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tezkor shakllantirish maqsadida ishlab chiqildi.

Quyidagilar axborot tizimini ishlab chiqishning asosiy maqsadlari sifatida inobatga olingan:

- aholi tarkibidagi global o‘zgarishlarni baholash, demografik siyosatni, aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash, ayollar va bolalar ahvolini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun axborotlar bazasini kengaytirish;

 - aholi punktlari va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, mehnat resurslaridan foydalanish va ularni joylantirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlar tayyorlash va indikativ rejalashtirish;

 - milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini shakllantirish  va uning amalga oshirilishi ustidan monitoring o‘tkazish;

 - aholini ro‘yxatga olish davrlari oralig‘ida aholi soni  va tarkibining joriy hisobini yuritish, aholi sonining hisobi  va prognozlarini amalga oshirish uchun statistik bazani yaratish;

- ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlari amalga oshirish. Aholini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barcha aholiga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilish va e’lon qilishning yagona jarayonini o‘z ichiga olib, aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai hisoblanadi va u kelgusi 10 – 30 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi.

 Hududlarni rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha siyosiy va boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur ma’lumotlarni olish imkonini beradi.

U aholi sonini ishonchli hisoblash, shuningdek, aniq belgilab qo‘yilgan yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, Yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha yakka tartibda hisobga olish va batafsil tavsiflashning universal usulini ishga solgan holda rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi.