03/05/2023

Joriy yilning 3 -may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida korrupsiyaga qarshi kurashishda xodimlar malakasini oshirish boʻyicha tadbir oʻtkazildi.

Statistika agentligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining iqtisodiyot fanlari nomzodi, professor, polkovnik Qobilov Sharif Raximovich taklif etildi.

Tadbirda dastlab, Statistika agentligi direktor oʻrinbosari Zohidjon Ziyayev soʻz yuritib, ayni paytda agentlikda korrupsiyaning oldini olish, bunday illatlarga nisbatan jamoada murosasiz muhitni yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida toʻxtalib oʻtdi.

Shundan soʻng, Sharif Qobilov mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi. Maʼruzachi yurtimizda korrupsiya holatlarining oldini olish borasidagi soʻnggi paytda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berdi.

Shuningdek, Statistika agentligi tizimida korrupsiyaviy holatlarga nisbatan murosasiz muhitni yaratish, xodimlarning huquqiy madaniyatini oshirish borasida fikr almashilib, tegishli taklif va tavsiyalar berildi.

Tadbir soʻnggida ishtirokchilarning mavzu yuzasidan bergan savollariga atroflicha javob qaytarildi.