09/02/2023

  2020- yilning 1- iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda kadrlar masalasiga alohida to‘xtalib, statistika tizimining barcha mutaxassis kadrlarini o‘qitish, malakasini oshirish yuzasidan topshiriqlar berilgan edi.

Shundan kelib chiqib, 2023- yilning 8- fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi markaziy apparatida faoliyat yuritib, ilmiy ish qilayotgan mustaqil tadqiqotchilar uchun seminar o‘tkazildi.

Seminarda dastlab, Statistika agentligi direktori o‘rinbosari Ziyayev Zoxidjan Muratovich so‘z yuritdi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi qoshidagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor G’oyibnazarov Bahodir Karimovich ilmiy izlanuvchilarga tadqiqot ishlarida nimalarga e’tibor qaratish lozimligi borasida batafsil ma’lumot berdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, ayni paytgacha Statistika agentligi markaziy apparatida faoliyat yuritgan 3 nafar xodim iqtisod fanlari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini oldi. Hozirda yana 24 nafar xodim mustaqil tadqiqotchi sifatida ilmiy izlanish olib bormoqda.

 Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti huzurida “Ekonometrika va statistika” va “Iqtisodiyotda axborot tizimlari va texnologiyalari” ixtisosliklari bo‘yicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha ilmiy kengash hamda 2020- yildan 08.00.06 – “Ekonometrika va statistika” va 08.00.14 – “Iqtisodiyotda axborot tizimlari va texnologiyalari” yo‘nalishlari bo‘yicha tayanch doktorantura va doktorantura tayyorlash belgilab berilgan.

Tadbir davomida ishtirokchilar tadqiqot ishlarini takomillashtirish, ilmiy maqolalar tayyorlash va chop etish bo‘yicha fikr-mulohaza almashishdi.

Seminar so‘nggida bunday tadbirlarni tez-tez o‘tkazishga kelishib olishdi.