23/01/2023

Joriy yilning 17–19-yanvar kunlarida O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan Toshkent shahrida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Norasmiy iqtisodiyotdan rasmiy iqtisodiyotga oʻtish” loyihasi doirasida Xalqaro mehnat statistikasi standartlari bo‘yicha trening tashkil etildi.

Ushbu treningda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining ma’sul xodimlari ishtirok etishdi.

Mazkur treningda Xalqaro mehnat tashkilotining Statistika departamenti katta mutaxassisi (Jeneva shahridagi) Vladimir Ganta ishtirok etdi.

Ushbu treningda quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi:

– Mehnat statistiklarining XIX va XX xalqaro konferensiyalarida (ICLS) qabul qilingan mehnat statistikasining xalqaro standartlari, shuningdek, 2023-yilda o‘tkazilishi kutilayotgan XXI Xalqaro mehnat statistikasi konferensiyasida muhokama qilinishi rejalashtirilgan innovatsiyalar bilan tanishtirildi;

– milliy darajada qo‘llaniladigan usullar vositalarning xalqaro statistika standartlariga muvofiqlik darajasi tahlil qilindi;

– ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash uchun statistika vositalarini takomillashtirish bosqichlari ko‘rib chiqildi.

Tadbir so‘nggida mavzu yuzasidan ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berildi.