08/11/2022

Joriy yilning 5- noyabr kuni Davlat statistika qoʻmitasida BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi bilan Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik ishlari, gender tenglik masalalari yuzasidan uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda Davlat statistika qoʻmitasi Raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich, BMTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo uchun Aholishunoslik jamgʻarmasi mintaqaviy direktori Florens Bayer, BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Yu Yu hamda boshqa mutaxassislar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Davlat statistika qoʻmitasi Raisi Bahodir Begalov hamda BMT Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo uchun Aholishunoslik jamgʻarmasi mintaqaviy direktori Florens Bayer aholini roʻyxatga olish jarayonlarida nimalarga eʼtibor qaratish lozimligi, bu boradagi xorij tajribasi, AKTdan samarali foydalanish kabi masalalarida oʻzaro fikr-mulohaza almashishdi.

Shuningdek, Gender statistikasini yuritish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham maʼlumotlar berildi.

Jumladan, Davlat statistika qoʻmitasida gender statistikasini yigʻish, qayta ishlash va tahlil qilish boʻyicha alohida boʻlinma tashkil etildi. Qoʻmitaning gender.stat.uz rasmiy veb-sayti ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilgan. Saytning barcha boʻlimlarida bugungi kunda jami 140 dan ziyod gender statistikasiga oid koʻrsatkichlar 3 ta tilda, 5 xil formatda joylashtirib borilmoqda.

Uchrashuv ishtirokchilari aholini roʻyxatga olish ishlariga tayyorgarlik koʻrish borasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar haqida ham kelishib olishdi.