Joriy yilning 4- oktyabr kuni Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning viloyatdagi hududiy bosma nashrlar, mahalliy hokimliklar, boshqarma, korxona va tashkilotlarning Axborot xizmati rahbarlari bilan muloqoti bo‘lib
o‘tdi. Uchrashuv avvalida viloyat yetakchisi Toshkent viloyatida axborot siyosati bilan bog‘liq muhitni keskin o‘zgartirish, qonunlar, davlat rahbarining qaror va farmonlari, hukumat hujjatlari ijrosini so‘zsiz ta’minlash maqsadida tizimda zudlik bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga alohida to‘xtaldi.
Xususan, Toshkent viloyati, shahar va tumanlar hokimliklarining rasmiy veb saytlarini amaldagi qonunchilikka muvofiq faoliyat yuritishini ta’minlash, ochiqlik siyosati bilan bog‘liq kunlik axborotlarga kengroq o‘rin berish lozimligi qayd etildi.
Shulardan kelib chiqib, viloyat hokimligining Axborot kommunikatsiyalarni rivojlantirish markazi bundan buyon viloyat hokimining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi strukturasiga o‘tkazilgani ma’lum qilindi.
Davlat rahbarining “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4366-sonli qarori ijrosi muhokama qilindi. Uni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan hudud rahbarlari va boshqarma boshliqlari ogohlantirilib, mavjud kamchiliklarni bir oy muddatda bartaraf etish vazifasi yuklandi.
Muloqotda ommaviy axborot vositalari va blogerlarning sahifalarida e’lon qilinayotgan tanqidiy materiallarga rasmiy munosabat bildirish, o‘zaro faol muloqot qilish mexanizmini qayta ko‘rib chiqish zarurligi aytildi.
Viloyat rahbari viloyat, tuman va shaharlar hokimliklari muassisligidagi gazetalardagi mavjud vaziyatni tubdan yaxshilash, gazetalarni zamon talablariga mos tarzda faoliyat yuritishlariga erishish, bu boradagi ijobiy tajribalarni ommalashtirish, gazetalarning internet tarmoqlaridagi sahifalarini rivojlantirish zarurati yuzasidan o‘z fikrlarini o‘rtaga tashladi.
Zoyir Mirzayev viloyat hokimligi axborot xizmati mas’ulligida “Zamon qahramoni” loyihasini boshlash taklifini ilgari surdi. Bu orqali davlat rahbari olib borayotgan islohotlarning Toshkent viloyatidagi ijrosini oddiy insonlar hayoti misolida yuksak badiiy shaklda yetkazib berish imkoniyati yuzaga keladi.
Uchrashuvda so‘z olgan muharrirlar va axborot xizmati rahbarlari davr talabiga hamohang tarzda qo‘yilayotgan vazifalarni amalga oshirishning o‘ziga xos jihatlari, bu borada hamkorlik masalalari yuzasidan o‘z mulohazalarini bayon etishdi.