Aholini ro‘yxatga olish — O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o‘tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni hisoblanadi.
Aholini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash hamda amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.
Aholini ro‘yxatga olishning asosiy vazifalari:
- aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir ma’lumotlar bazasini kengaytirish;
- shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish va ulardan foydalanishning uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash;
- aholini ro‘yxatga olish jarayonlari oralig‘idagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;
- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish.