Joriy yilning 2- fevral kuni Toshkent viloyati statistika boshqarmasida 2021- yil IV chorak yakunlari bo‘yicha boshqarmaning kengaytirilgan Kengash yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda statistika boshqarmasi rahbariyati, boshqarmaning tarmoq va hududiy statistika bo‘limlari boshliqlari ishtirok etdi.
Kun tartibiga binoan, Toshkent viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘i L. Mirsoatov Kengash yig‘ilishini ochib berib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlari hamda topshiriqlarida Davlat statistika idoralari oldiga qo‘yilgan vazifalar hamda tizimda 2021- yilning IV choragida amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi borasida to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilishda kun tartibiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 3- avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining Milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va “2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respbulikasida statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi”da davlat statistika idoralariga yuklatilgan vazifalar hamda “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonuni bo‘yicha amaliyotga joriy etilayotgan o‘zgarish va tushunchalar haqida ma’lumot berildi.
Kengash yig‘ilishida, Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori doirasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosini ta’minlash yuzasidan kelgusidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, boshqarmaning kengaytirilgan Kengash yig‘ilishida tizimda korrupsiyaga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham axborot berildi.
Kengaytirilgan Kengash yig‘ilishi yakunida ijro intizomi va tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Shu jumladan, vazifalarni o‘z vaqtida bajarmagan xodimlarga tegishli choralar ko‘rish, ish faoliyatini namunali yo‘lga qo‘ygan ishchi-xodimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.