Bugungi kunda dunyoda kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi sababli koʻpgina davlatlar aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish muddatlarini keyingi yillarga koʻchirish choralarini koʻrishmoqda. Jumladan, 2020- yilda Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston va Armaniston Respublikalarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan aholini roʻyxatga olish tadbirlari 2022- yilga koʻchirildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019- yil 5- fevraldagi PF-5655-son Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olish 2022- yilda oʻtkazilishi belgilangan edi. Aholini roʻyxatga olish tadbiri keng koʻlamli, koʻp vaqt va katta mablagʻ talab etadigan tadbir boʻlib, uni oʻtkazish uchun 2-3 yil davomida tayyorgarlik ishlarini olib borish talab etiladi.
Respublikamizda mustaqillik yillarida aholini roʻyxatga olish tadbiri ilk bor oʻtkazilayotganligini inobatga olib, tadbirga puxta tayyorgarlik koʻrish va uni sifatli oʻtkazish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 710-son qarori bilan respublikamizda aholini roʻyxatga olish tadbiri 2023- yilda oʻtkazilishi belgilandi.