05/02/2026

 Toshkent tumani hokimi Sardorbek Ergashev boshchiligida aholini va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish jarayonining birinchi bosqichida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarga bagʻishlangan ishchi yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilishda masalaga xolis baho berish, muammolar ildizini ochish va ularni qisqa fursatda bartaraf etish yoʻllari atroflicha muhokama qilindi.

Yigʻilishda Toshkent tumani prokurori v.v.b. M. Shukurullayev, IIB boshligʻi A. Mullajanov, tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi S. Abduvaliyev ishtirok etdi. Shuningdek, mahalla yettiligi vakillari hamda mahalla yettiligi vakillari bilan birga tumandagi tashkilot rahbarlari ham faol qatnashdilar.

Muhokamalar jarayonida aholini roʻyxatga olishda kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, ularni qanday yoʻllar bilan toʻgʻrilash, shuningdek, roʻyxatga olish jarayonini aholi uchun qiyinlashtirmaslik masalalari yuzasidan aniq talablar, amaliy takliflar va manzilli tavsiyalar berildi. Har bir fikrda bir gʻoya ustuvor boʻldi — roʻyxatga olish jarayoni shaffof, tushunarli va xalq manfaatlariga xizmat qilishi shart.

 Roʻyxat — bu shunchaki maʼlumot yigʻish emas, balki odamlar hayotiga ehtiyotkorlik bilan tegish demakdir. Har bir xatolik raqamda emas, ishonchda aks etadi. Shu bois har bir toʻgʻrilangan nuqta, har bir aniqlangan kamchilik — ertangi tartib va ishonchli kelajakka tashlangan qadamdir, - dedi tuman hokimi S.Ergashev.

Yigʻilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda barcha masʼul tuzilmalardan hamjihatlik, aniq reja va faol yondashuv talab etilishi alohida qayd etildi. Bu esa aholini va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.