O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi PF–173-son Farmoniga muvofiq, 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar respublika miqyosida “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish” tadbiri o‘tkazilishi belgilangan.
Mazkur muhim tadbirni sifatli va samarali tashkil etish, shuningdek, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish maqsadida joylarda turli targ‘ibot uchrashuvlari tashkil etilmoqda. Shu munosabat bilan Yangiyo‘l shahar hududida joylashgan 3-umumta’lim maktabida volontyor yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida ro‘yxatga olish jarayonining mazmun-mohiyati, uning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivoji uchun ahamiyati, shuningdek, volontyorlarning ushbu jarayondagi o‘rni va vazifalari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Uchrashuvda yoshlar ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishda aholiga to‘g‘ri va xolis ma’lumot yetkazish, savollarga aniq javob berish hamda jarayonning ochiq-oshkoraligini ta’minlash borasida zarur tavsiyalar oldi. Tadbir yakunida volontyorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, kelgusida mazkur mas’uliyatli jarayonda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.




