— Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish nima uchun kerak?
— Yaxshi savol. Bu mamlakat iqtisodiyotini kelajakda rivojlantirish strategiyasini aniqlash uchun kerak.
— Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishdan nima naf?
— Buning zarurati shundaki, qanday va qancha resurslar borligini aniqlab, qayta ishlash choralarini shu orqali ko‘rish mumkin.
— Bundan chiqdi, qaysi soha mutaxassisligiga talab ko‘tarilishini ham aniqlashimiz mumkin ekan-da?!
— Xuddi shunday! Chunki biz aniq raqamlarsiz qayerga, qachon, qanday, qancha mutaxassis kerakligini bilolmaymiz.
—Qiziq... Resurslar borasida ham aniq ko‘rsatkichlarni ko‘rish mumkin bo‘larkan-da?
— Albatta. Aholi jon boshiga yetarli bo‘lgan energetika, ozuqa, shuningdek, iste’mol mahsulotlari zaxirasini yaratish ham aynan shu natijalarimizga bog‘liq.
— Bu jarayon, albatta, oson bo‘lmasa kerak? Chunki, shuncha aholi, shuncha odamlar... Ro‘yxatga olish tadbiri qanday amalga oshiriladi?
— Bu ham qiziq savol. Har bir fuqaro ushbu jarayonlarga befarq bo‘lmasa, biz yaxshi natijaga erishishimiz mumkin. Tadbir ikki bosqichda uyushtiriladi. Birinchisi, 15-yanvardan 31-yanvargacha – o‘n yetti kun davomida census.stat.uz sayti orqali OneID tizimi yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tish tarzida bo‘lib, ikkinchi bosqich, to‘rtinchi fevraldan yigirma sakkizinchi fevralgacha mahalla yettiligi a’zolarining uyma-uy yurib, planshet orqali ro‘yxatga olish jarayonlari bilan yakunlanadi.
— Eh-e, ushbu jarayonda hamma savollarga javob berish shartmikan?
— Endi o‘ylab ko‘ring, qay tarzda aniq va to‘g‘ri javob berilsa, kelgusidagi rejalarni shu qadar to‘g‘ri aniqlab olish imkoniyati yuzaga keladi.
— Xo‘p, shunday ham deylik, shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiylik masalasi-chi?
— Bu, albatta muhim. Unutmang, ma’lumotlar albatta sir saqlanadi. Boshqa tashkilotlarga berilmaydi. Faqatgina statistik maqsadlarda ishlatish uchun jamlanadi.
Yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishda faol ishtirok eting. Kelajak uchun va aniq rejalar uchun o‘z hissingizni qo‘shing.




