O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi PF–173-son Farmoniga muvofiq, 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar mamlakatimizda “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish” tadbiri o‘tkazilishi belgilangan.
Mazkur muhim jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida joylarda o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda. Xususan, Chinoz tumanida ham “Mahalla yettiligi” tarkibidagi xodimlar uchun amaliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi vakili A.Abdurahmonov, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati AJ biriktirilgan xodimi B.Bekmurodov hamda Toshkent viloyati statistika boshqarmasi vakili Sh.Bekpo‘latovlar ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida ro‘yxatga olish jarayonida ishtirok etadigan mutasaddilarning vazifalari, ma’lumotlarni to‘plash va tizimlashtirish tartibi, hamda xalqaro standartlarga muvofiq ishlash mexanizmlari batafsil tushuntirildi.
Bunday o‘quv-seminarlar muhim tadbir — aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish, aniq va ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirish, hamda xalqaro talablarga muvofiq natijaga erishishga xizmat qiladi.






