17/10/2025

✅ Joriy yilning 17- oktyabr kuni Toshkent davlat agrar universitetida “Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va uni o‘tkazish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Toshkent viloyati statistika boshqarmasining Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va uni o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i O.Sattorov, Qishloq xo‘jaligi va atrof-muhit statistikasi bo‘limi bosh mutaxassisi M.Jabborov, bosh yuriskonsult F.Jo‘rayev, axborot xizmati bosh mutaxassisi A.Juginisova, shuningdek, universitetning o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025- yil 19-sentyabr kungi PF–173-sonli “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2025- yil 7- oktyabrdagi 629-s on qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.

Unda talabalarga 2026- yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan ro‘yxatga olish jarayonlari haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlandiki, ro‘yxatga olishning dastlabki 17 kuni internet orqali, keyingi bir oy davomida esa “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshiriladi.

Shuningdek, ro‘yxatga olishning mazmun-mohiyati, aholi va qishloq xo‘jaligiga oid ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlash hamda tahlil qilish usullari, shuningdek, tadbirlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan tushunchalar berildi.