08/09/2025

 Bugungi kunda mamlakatimizning barcha viloyat, shahar va tumanlarida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ishlari ko‘rilmoqda. Ya’ni ro‘yxatga olishning fundamental asoslarini yaratish - mahallalar kesimida hududlarning yangilangan xaritalarini tayyorlash, xonadonlarni raqamlashtirish, ko‘chalarga nom berish, noturar obyektlarning kartografik monitoringini yuritish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.

 Aholini ro‘yxatga olish tadbirining ahamiyati va zaruratini quyidagicha tushuntirib bersam. Masalan, Xorazmda bandlik masalasi qay ahvolda, Buxoroda nechta ta’lim muassasasi bor, Toshkent viloyatida aholi zichligi qanday va shunga o‘xshash boshqa muhim ma’lumotlar, har bir hududga doir aniq faktlar bo‘lsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta bo‘ladi. Aynan shuning uchun bizga butun respublikani qamrab oladigan ishonchli ma’lumotlar kerak va ular tadrijiy ravishda yangilanib borilishi shart. Bunday aniq va yaxlit ma’lumotlar esa aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi. Shuningdek, bu tadbir aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma’lumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma’lumot olishning yagona manbai hamdir.