02/07/2025

Joriy yilning 2- iyul kuni Toshkent viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida “2- iyul – Davlat gerbi qabul qilingan kun” munosabati bilan targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Unda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari E.Urunov hamda barcha tizim xodimlari ishtirok etdi.

Bundan o‘ttiz uch yil muqaddam – 1992 yil 2 iyulda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonun e’lon qilingandi. Ushbu tarixiy Qonunga muvofiq, mustaqil davlatimizning oliy ramzlaridan biri – Davlat gerbi tasdiqlangan.

Davlat bayrog‘i va Davlat madhiyasi kabi Davlat gerbi ham xalqimiz shon-sharafi, g‘ururi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassamlashtiradi. Shu ma’noda, davlat ramzlarini e’zozlash – har bir insonning o‘z qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, o‘z mamlakatiga va shaxsan o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash demakdir.

Davlatchiligimiz tarixining qaysi bir davrini olib qaramaylik, davlat ramzlari Vatan timsoli sifatida hamisha aziz va muqaddas sanalgan. Xususan, tamg‘a, ya’ni gerb tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, mutaxassislarning ma’lumotlariga qaraganda, davlat gerbi miloddan avvalgi uch minginchi yillardanoq bashariyatga ma’lum.

 

O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi – davlatimiz egamenligi, xalqimiz mustaqilligi ramzi. Istiqlolni qo‘lga kiritib, o‘z mustaqil mamlakatining Davlat bayrog‘i, Davlat madhiyasi va Davlat gerbiga ega bo‘lgani – xalqimizning chin ma’noda ozod va hur ekani belgisidir.

 “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Qonunda Davlat gerbi mustaqilligimizning ramzi ekani huquqiy asosda mustahkamlab qo‘yilishi bilan birga, uning qanday ko‘rinishga egaligi yaqqol ifodalab berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbida xalqimizning tarixi, buguni va kelajagi o‘z aksini topgan. Unda tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari qiyg‘os ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi.

Davlat gerbining yuqori qismida sakkiz burchak, uning ichki qismida yarim oy va yulduz, markazida Humo qushi tasvirlangan. Pastki qismida yurtimiz Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar tasmasiga “O’zbekiston” deb yozib qo‘yilgan.

Biz uchun suyuk va buyuk ana shu yorqin tasvirdagi har bir chiziq, har bir rang, har bir belgida muayyan ramziy ma’nolar mujassam. Davlat gerbida o‘z ifosini topgan:

  • jannatmonand diyorimiz husn-tarovatiga ishorat etuvchi manzaralar – tog‘, daryo, bug‘doy boshog‘i, g‘o‘za va chanoqlar;
  • xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yo‘lidagi orzu-umidlari ifodasi – quyosh, yarim oy, yulduz;
  • jamiyatimiz jipsligi belgisi – musamman, ya’ni sakkiz qirrali yulduz;
  • omad, himmat, oliqjanoblik, erksevarlik va fidoyilik ramzi bo‘lgan afsonaviy Humo qushi – bularning barchasi millatimiz, xalqimiz hayoti, tarixi, ma’naviyati va an’analari bilan chambarchas bog‘liq timsollardir.

Davlat gerbida markaziy o‘rin tutuvchi Humo qushi ramzini olib ko‘raylik. Manbalarga qaraganda, xalqimiz Humoni azaldan davlat qushi sifatida tasavvur qilib kelgan.

Zaminimizda necha ming yillar ilgari paydo bo‘lgan afsonalarda Humo go‘zal qush qiyofasidagi baxt, taqdir va badavlatlik timsoli hisoblangan. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston xalqining shon-sharafi, g‘ururi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassamlashtirgan Davlat gerbi – jonajon Vatanimizning betakror timsollaridan biri bo‘lib qolgani tabiiydir.

Davlat gerbi tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, qimmatli qog‘oz va obligatsiyalarda, fuqarolik pasportlarida hamda qonunda belgilangan boshqa o‘rinlarda aks ettirilgan.

Mamlakatimizda davlat ramzlari, shu jumladan, Davlat gerbi ham qonun bilan muhofaza qilinadi. O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, O‘zbekistonda turgan o‘zga shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbini hurmat qilishlari shart.