20/11/2024

Joriy yilning 11-oktabr kuni Statistika agentligi tomonidan “Oʻzbekistonda xotin-qizlar va erkaklar: fakt va raqamlar” nomli statistik toʻplamining taqdimoti boʻlib oʻtgan edi.

Ushbu to‘plamda mamlakatdagi ayollar va erkaklarning turli sohalardagi ishtiroki, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatlari va tenglik masalalari haqida muhim maʼlumotlar taqdim etilgan. Shuningdek, toʻplamning asosiy maqsadi gender tenglikni taʼminlash boʻyicha aniq koʻrsatkich va tahlillar taqdim qilishga qaratilgan.

800x600-vayvayvayvvy_p56115

Mazkur toʻplam gender statistikasiga oid keng qamrovli maʼlumotlarni, xususan, ayollar va erkaklar haqida demografiya, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, mehnat, turizm, madaniyat va sport, jinoyatchilik kabi sohalarni oʻz ichiga oladi.

Shuningdek, toʻplamda “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan minimal gender ko‘rsatkichlar va boshqa ma’lumotlar to‘plami tahlili keltirilgan.

Mazkur minimal gender ko‘rsatkichlar to‘plami 5 ta yo‘nalish (Iqtisodiy tuzilmalar, ishlab chiqarish faoliyatida ishtirok etish va resurslardan foydalanish huquqi; Ta’lim; Sog‘liqni saqlash va unga aloqador xizmatlar; Ijtimoiy hayotda qaror qabul qilish; Ayollar va qizlar, inson huquqlari) bo‘yicha 54 ta gender statistikasiga oid ko‘rsatkichlardan iborat.

800x600-ivvavav_p19690

Maʼlumot uchun, bugungi kunda Statistika agentligining “gender.stat.uz” rasmiy saytining barcha bo‘limlarida jami 190 dan ziyod gender statistikasiga oid ko‘rsatkichlar 3 ta tilda5 xil formatda joylashtirilgan bo‘lib, muntazam yangilab borilmoqda.

Tizimdagi hamda vazirlik va idoralarda gender statistikasiga oid ko‘rsatkichlarni shakllantiruvchi xodimlar malakasini oshirish va tajriba almashish maqsadida xalqaro tashkilotlar hamda boshqa davlatlarning vakillari bilan hamkorlikda seminarlar tashkil etilmoqda.

O‘z o‘rnida, foydalanuvchilarni gender statistikasiga oid ma’lumotlar bilan  ta’minlash maqsadida press-reliz, statistik to‘plam va axborotnoma, maqola, qisqa yangilik (topik) hamda videoroliklar ko‘rinishida Statistika agentligining rasmiy saytlari (“gender.stat.uz”, “stat.uz”, “siat.stat.uz”, “nsdg.stat.uz”, “aholi.stat.uz”) va ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, OAV orqali e’lon qilib borilmoqda.

800x600-pkpkppvayvm_p57361

Oʻzbekistonning gender statistikasi jamiyatdagi ayollar va erkaklarning ijtimoiy, iqtisodiy, taʼlim va sogʻliqni saqlash kabi sohalardagi ishtirokiga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan qabul qilingan 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi doirasida gender statistikasi orqali ayollarning mehnat bozoridagi imkoniyatlarini yaxshilash, taʼlimga kirish imkoniyatini kengaytirish va salomatlik holatini yaxshilash boʻyicha maqsadlar qoʻyilgan.