Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha xalqaro tavsiyalar va xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ishlari uch bosqichni o‘z ichiga olib, ularning doirasida tadbirlar ham bosqichma-bosqich, ham bir vaqtning o‘zida o‘tkazilishi mumkin.
Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi.
Bunda quyidagilar amalga oshiriladi:
- aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish, o‘tkazish tamoyillari, uslubiy asoslari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
- aholini ro‘yxatga olish savolnomalari shakllarini, aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilish metodologiyasini ishlab chiqish;
- sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish, uning natijalarini tahlil qilish va uning asosida metodologik hujjatlarni takomillashtirish;
- aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish va aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejalarini tuzish;
- aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, uning o‘tkazilishini nazorat qilish, yakuniy natijalarni olish va taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish;
- axborot-tushuntirish ishlarini o‘tkazish; moddiy-texnika ta’minoti vositalarini xarid qilish, shuningdek, ularni ro‘yxatga olish uchastkalariga yetkazish;
- ro‘yxatga olish uchastkalarini bino, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlash; ro‘yxatga olish tadbirida ishtirok etuvchi vaqtinchalik xodimlarni o‘qitish;
- aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq boshqa ishlar.
Ikkinchisi, asosiy bosqich bo‘lib, bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi.
Bu 1-2 oy muddatni tashkil etadi.
Uchinchisi, so‘nggi bosqich bo‘lib, 2-3 yil davom etadi.
Bunda yig‘ilgan birlamchi ma’lumotlar qayta ishlanadi, umumlashtiriladi, tahlil qilinadi va natijalar e’lon qilinadi.