Har bir ishning huquqiy asosi bo‘lgani kabi aholini ro‘yxatga olishning ham normativ-huquqiy asoslari mavjud.
Avvalo, xalqaro darajada BMT tomonidan aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasida har o‘n yilda bir marta raund e’lon qilinadi.
Unga ko‘ra BMTga a’zo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishlari tavsiya etiladi.
BMT 2015- yilning 10- iyunida “2020- yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qilgan.
Mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olishning normativ-huquqiy asoslarini yaratish bo‘yicha ilk bor 2018- yilda ish boshlangan. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018- yil 22- yanvardagi PF-5308- son Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021- yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturi”ning 38- bandida belgilangan topshiriqqa muvofiq O’zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish Konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilgan. Konsepsiya loyihasi Davlat statistika qo‘mitasida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining tavsiyalari va ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasiga asosan ishlab chiqilgan.
Konsepsiya O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasida 2022- yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019- yil 5- fevraldagi PF-5655- son Farmoni bilan tasdiqlangan.
Mazkur Konsepsiyasida quyidagilar nazarda tutilgan:
- Birinchidan, aholini ro‘yxatga olish tadbirining maqsadi va asosiy vazifalari yoritilgan.
- Ikkinchidan, tadbirni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bosqichlari belgilangan.
- Uchinchidan, tadbirni o‘tkazishda ishtirok etuvchilar, vaqtinchalik xodimlarni yollash va ularning vazifalari batafsil keltirilgan.
- To‘rtinchidan, tadbirni o‘tkazishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish yo‘nalishlari inobatga olingan.
- Beshinchidan, tadbirni o‘tkazishni moliyaviy manbalari ko‘rsatilgan.
- Oltinchidan, tadbirdan kutilayotgan natijalar va boshqa ishlarni amalga oshirish tushuntirib o‘tilgan.
Yana bir muhim huquqiy hujjat bu “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasining Qonuni hisoblanadi.
Mazkur Qonun davlatimiz rahbari tomonidan 2020- yil 16- mart kuni imzolandi. Qonun aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi ilk bor qabul qilingan huquqiy hujjat sifatida O’zbekiston tarixidan o‘rin oldi.
Chunki shu vaqtgacha bu sohada qonunchiligimizda hech qanday hujjat yo‘q edi. Ushbu Qonun 5 bob va 31 moddadan iborat bo‘lib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini ro‘yxatga olishning vazifalari va prinsiplari, aholini ro‘yxatga olish sohasini tartibga solish, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish tartibi, respondentlarning hamda ro‘yxatga oluvchi xodimlarning huquq va majburiyatlari yoritib berilgan.
Shu bilan birga , aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida yana bir muhim hujjat, 2020- yil 11- noyabrda Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710- son qarori qabul qilingan.
Ushbu Qaror bilan quyidagi hujjatlar tasdiqlangan:
- “O’zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom”;
- “O’zbekiston Respublikasida 2021- yilda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish dasturi”;
- “O’zbekiston Respublikasida 2021- yilda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllari ro‘yxati”;
- “Aholini ro‘yxatga olish jarayonlariga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish va ularga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom”;
- “O’zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish hamda natijalarini e’lon qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”.