30/09/2024

Aholini ro‘yxatdan o‘tkazish  jarayonida savolnomalarga ma’lumotlar aholini ro‘yxatga olishning aniq payti bo‘yicha kiritiladi.

Aholini ro‘yxatga olishning aniq paytidan keyin sodir bo‘lgan jarayonlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish amalga oshirilmaydi.

Masalan, aholini ro‘yxatga olishning aniq paytidan keyin tug‘ilgan chaqaloqlar uchun savolnomalar to‘ldirilmaydi, lekin aholini ro‘yxatga olishning aniq paytidan keyin vafot etgan shaxslar uchun savolnoma to‘ldiriladi.

Savolnomalar vafot etgan shaxslarning oila a’zolari yoki o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi mavjud ma’lumotlar bazasi asosida to‘ldiriladi.  Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning asosiy usuli - aholi (respondentlar) o‘rtasida so‘rov o‘tkazish orqali savolnomalarni to‘ldirish hisoblanadi.

 So‘rov aholini ro‘yxatga olish jarayonlariga vaqtincha jalb etiladigan xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.

 Respondentlarning shaxsga doir ma’lumotlarni to‘plash vaqtincha jalb etiladigan xodimlar tomonidan, O’zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonunining 24-moddasida maxsus ijtimoiy muassasa va tashkilotlar xodimlari tomonidan so‘rov o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi, shuningdek Internet tarmog‘ida maxsus dasturiy ta’minotdan foydalangan holda elektron savolnomalarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.

 

 Savolnoma shakllari quyidagilardan iborat:

1-shakl.

“Turar joyning xususiyatlari va unda yashovchilar ro‘yxati”;

 2-shakl.

 “Shaxsga oid savolnoma”, o‘z ichida shaxsga oid savollarni aks ettirgan savolnoma shakli bo‘lib, bunda turar joyda vaqtincha turganlar uchun ham to‘ldiriladi.

3-shakl.

“O’zbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari uchun savolnoma”, doimiy boshqa mamlakatda yashovchi, ammo aholini ro‘yxatga olish davrida vaqtinchalik O’zbekiston Respublikasi hududida yashovchi yoki tashrif buyurgan (turistik maqsadlarida, o‘qish, ishlash, sayyohat, davolanish, xizmat safari bilan bog‘liq, qarindoshlarini ko‘rish maqsadlari va h.k.) shaxslar uchun to‘ldiriladi.

 4-shakl.

“Aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha savolnoma”, maxsus muassasa va tashkilotlarda ro‘yxatga olinadigan respondentlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, savolnomada ushbu muassasada yashovchilarning ro‘yxati yoziladi va shu bilan birgalikda har bir respondent uchun 2A-shakl ham to‘ldiriladi.

 Aholining ayrim toifalari - O’zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari bo‘lgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning o‘zi bilan birga bo‘lgan oila a’zolari, shu jumladan, O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilganlar, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar va ularning yopiq hududlarda yashayotgan oila a’zolari, zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlarida, qamoqda saqlash joylarida, tergov hibsxonasida, axloq tuzatish muassasalarida va maxsus muassasalarda yashayotgan (bo‘lgan)lar; bolalar internatlarida, “Bolalar shaharchalari”da, ijtimoiy muassasalarda, muruvvat yoki saxovat uylarida, diniy muassasalarda, shifoxonalarda va boshqa sog‘liqni saqlash tashkilotlarida yashayotgan (bo‘lgan yoki davolanayotgan)lar, uysiz (boshpanasiz) shaxslar hisoblanadi.

 5-shakl.

“Vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun nazorat varaqasi”, doimiy yashash joyi respublikamizning boshqa hududida bo‘lib, aholini ro‘yxatga olish davrida vaqtincha boshqa hududda yashayotgan (bo‘lib turgan) shaxslar uchun mo‘ljallangan. Misol uchun, respublikamizning boshqa hududlaridan kelib, Toshkent shahrida vaqtincha yashayotgan shaxslar.

 

Savolnomalar respondentning shaxsga doir ma’lumotlari, ularning og‘zaki javoblari asosida, hech qanday tasdiqlovchi hujjat talab etilmagan holda ro‘yxatga oluvchi tomonidan to‘ldiriladi.

Aholini ro‘yxatga olish davrida, doimiy (vaqtincha) yashash joyida mavjud bo‘lmagan shaxslar (respondentlar) yoki voyaga yetmagan, muomalaga layoqatsiz fuqarolar uchun savolnomalar, ularning voyaga yetgan, muomala layoqatiga ega bo‘lgan oila a’zolarining javoblari asosida to‘ldiriladi. 

Vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxs (respondent)lar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar, ularning vasiylari yoki homiylari tomonidan berilgan javoblar asosida to‘ldiriladi.

 Voyaga yetgan, muomala layoqatiga ega bo‘lgan shaxslar, vasiylar yoki homiylar mavjud bo‘lmaganda, fuqarolarning (respondentlarning) shaxsga doir ma’lumotlari belgilangan tartibda, mavjud davlat organlari ma’lumotlari asosida to‘ldiriladi.

Ro‘yxatga oluvchi so‘rovni boshlashdan avval respondenga o‘z guvohnomasini ko‘rsatishi va uning boshqa turar joyi bor yo‘qligini aniqlashtirib olishi lozim.

 Agarda respondentda bir nechta turar joy mavjud bo‘lsa, asosiy turar joyi sifatida oila a’zolari bilan birga yashaydigan joyi hisobga olinadi. 

Jumladan, respondent doimiy yashaydigan (doimiy ro‘yxatdan o‘tgan) turar joyi bo‘lib, ammo u oila a’zolari bilan boshqa turar joyda yoki oila a’zolarining biriga tegishli boshqa xonadonda yashaydigan bo‘lsa, respondent to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar oilasi bilan yashaydigan joy bo‘yicha to‘ldiriladi. 

Agarda respondent ish joyi joylashgan aholi punktidagi turar yoki noturar joyda yashaydigan bo‘lib, dam olish kunlari oila a’zolari yashaydigan boshqa aholi punktiga borib yashasa, ushbu respondent uchun savolnoma oila a’zolari yashaydigan joy bo‘yicha to‘ldiriladi.

Shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonida dala hovlisida yashayotgan aholi uchun savolnomalarni to‘ldirish doimiy ro‘yxatda turgan joyi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Agarda doimiy yashash joyi dala hovli hisoblansa, bunday hollarda dala hovli bo‘yicha savolnomalar to‘ldirilishi mumkin.

Navbati bilan ikkita uy xo‘jaligida yashaydigan farzandlar, xususan, ota-onasi ajrashib ketgan farzandlar o‘zlarining ko‘p vaqtlarini qaysi uy xo‘jaligida o‘tkazsa, o‘sha uy xo‘jaligi bo‘yicha ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, agarda farzand ikkita uy xo‘jaligida bir xil vaqtini o‘tkazsa, ro‘yxatga olish vaqtida qayerda bo‘lsa, o‘sha uy xo‘jaligi bo‘yicha amalga oshiriladi.

 Ro‘yxatga olinayotgan shaxslar ko‘proq vaqtini qaysi yashash manzilida o‘tkazsa o‘sha manzil bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘ladi.

 

 Oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchi talabalar vaqtincha yashab turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tadilar.

Masalan, Buxoro viloyatidan Toshkent shahriga kelib ta’lim olayotgan talabalar Toshkent shahrida, Surxondaryodan Samarqandga kelib o‘qiyotgan talabalar Samarqand viloyatida ro‘yxatga olinadi.

 

 Ro‘yxatga olish davrida tug‘ruqxonalarda bo‘lgan yangi tug‘ilgan chaqaloqlar ota yoki onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.

 

Tergov hibsxonalarida yoki maxsus qabulxonalarda (izolyatorlarda) vaqtincha saqlanayotganlar doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi. Savolnomalarni to‘ldirish jarayoni aholini ro‘yxatga olishning muhim bosqichi hisoblanadi.

 

Aholini ro‘yxatga olishning yakuniy natijalari shaffof va sifatli shakllanishi, ma’lumotlarni ma’lumotlar elektron bazasiga kiritish va ro‘yxatga oluvchining savolnomalarni sifatli to‘ldirishiga bevosita bog‘liqdir.