26/09/2024

Aholini ro‘yxatga olish belgilangan aniq paytda (aholini ro‘yxatga olish sanasi) o‘tkaziladi.

Respondentlarning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ishda ro‘yxatga olish sanasidan keyin sodir bo‘lgan demografik holatlar hisobga olinmaydi.

Masalan, aholini ro‘yxatga olish sanasi 2023- yil 1- noyabr deb belgilangan bo‘lsa, unda 1 noyabrdan keyin tug‘ilgan bolalar uchun ro‘yxatga olish varag‘i shakllari va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlari to‘ldirilmaydi, biroq ushbu sanadan keyin vafot etgan shaxslar uchun to‘ldiriladi.

Bunda vafot etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar uning voyaga yetgan, muomala layoqatiga ega oila a’zolari yoki fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi.

 

Aholini ro‘yxatga olish jarayonlarida shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish:

- axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan (Internet jahon axborot tarmog‘i orqali va planshet qurilmalari yordamida) hamda axborot xavfsizligi talablarini ta’minlagan holda amalga oshiriladi;

- respondentlar yashaydigan (vaqtincha bo‘lib turgan) turar joy  va noturar joylarga, binolarga tashrif buyurgan holda uyma-uy yurib so‘rov o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

 Ro‘yxatga olish varag‘i shakllari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan planshet qurilmalari yordamida respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi; aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish davrida yashash (turgan) joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar (respondentlar) to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar mazkur uy xo‘jaligining voyaga yetgan a’zolari tomonidan ma’lum qilinadi.

 O’ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan ma’lum qilinadi; yashab turgan xonadonida (joyida) ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar uchun ro‘yxatga olish varag‘i shakllarini to‘ldirish tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ajratilgan bino yoki xonalarda joylashgan ro‘yxatga olish uchastkalarida statsionar ro‘yxatga oluvchi tomonidan amalga oshiriladi; respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda, ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi; gapirishi va eshitishida nuqsoni bo‘lgan fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ish tegishli hudud bo‘yicha nogironlik jamiyatlarining xodimlari yoki ushbu shaxslar bilan muomala qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan shaxslar ko‘magida amalga oshiriladi.

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish qog‘oz shaklidagi ro‘yxatga olish varag‘i shakllaridan foydalanish orqali ham amalga oshirilishi mumkin.

Bunda ro‘yxatga olish uchastkasi doirasida faqat bir usuldan foydalaniladi, aralash usulda (planshet va qog‘oz) ro‘yxatga olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Aholining ayrim toifalari bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, ro‘yxatga olish varag‘i shakllari va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlarini to‘ldirish “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 24- moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.

“Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yoki vaqtincha yashovchi yoxud vaqtincha O’zbekiston Respublikasida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, O’zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, ammo aholini ro‘yxatga olish davrida vaqtincha xorijiy davlat hududida bo‘lgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari respondent sifatida ro‘yxatga olinadi.

Aholi soni va uning tarkibini hisoblashda bir yildan ortiq muddatda mamlakat hududida bo‘lmagan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari hamda ularning oila a’zolari, shuningdek O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega bo‘lgan boshqa shaxslar hisobga olinmaydi.

Ammo O’zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari  va konsullik muassasalari, shuningdek O’zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari bo‘lgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning o‘zi bilan birga bo‘lgan oila a’zolari, shu jumladan O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilgan fuqarolar va bir yildan ko‘p muddatda respublika hududida yashab kelayotgan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hisobga olinadi. Respondentlar o‘zining (doimiy yoki vaqtincha) yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.

Kunlik tungi dam olishining ko‘proq qismini o‘tkazadigan uy (hovli), kvartira, yashash uchun foydalanilayotgan boshqa turar joy yoki noturar joy bino yashash joyi hisoblanadi. 

Bu joy respondent ro‘yxatdan o‘tgan (ro‘yxatga qo‘yilgan) manzil bilan mos kelishi yoki mos kelmasligi ham mumkin.

 Aholini ro‘yxatga olish varag‘i shakllari 2023- yilda O’zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish dasturiga kiritilgan savollardan tashkil topadi.