26/08/2024

Har qanday davlatning tarixi – bu, birinchi navbatda, unda yashaydigan xalqning tarixi, aholisining soni va tarkibi, uning iqtisodiy va ijtimoiy tavsiflarida o‘z ifodasini topadi.

Dunyodagi har bir mamlakat, o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida muntazam ravishda aholini ro‘yxatga oladi. 

Aholini ro‘yxatga olish yakunlariga qarab o‘tmish va hozirgi davr haqida fikr va mulohazalar yuritish hamda kelajakni prognoz qilish mumkin bo‘ladi. 

Aholini ro‘yxatga olish bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi. 

Aholini ro‘yxatga olish – respublikaning butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o‘tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayonidir.

Aholini ro‘yxatga olish sanasi – aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat).

 Ro‘yxatga olish varag‘i – ko‘rsatilgan savollar bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka.

Ro‘yxatga olish hujjatlari – aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui.

Respondentlar – aholini ro‘yxatga olish sanasida O’zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, O’zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari.

Ro‘yxatga oluvchi xodimlar – O’zbekiston Respublikasining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rishga va uni o‘tkazishga jalb etilgan, maxsus o‘quvdan o‘tgan voyaga yetgan fuqarolari.

Uy xo‘jaligi – bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, o‘zini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan ta’minlaydigan, umumiy xo‘jalik yuritadigan, pul mablag‘larini to‘liq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yig‘indisi.

Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin.

Uy xo‘jaligi bitta shaxsdan iborat bo‘lishi mumkin. Respublikamizda aholini ro‘yxatga olish bizga nima beradi?

Avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi.

 Binobarin, mazkur ko‘rsatkichlar orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi.

O’z navbatida, yurtdoshlarimiz migratsiyasi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar shakllantiriladi.

Bundan tashqari, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati kengayadi.

          Chunonchi, aholi punktlari infratuzulmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu ma’lumotlar nihoyatda qo‘l keladi.

 Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish natijasida milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yuzaga keladi.