22/07/2024

 Respublikamizda aholini ro‘yxatga olish bizga nima beradi?

Avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi.

Binobarin, mazkur ko‘rsatkichlar orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi. O’z navbatida, yurtdoshlarimiz migratsiyasi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar shakllantiriladi.

Bundan tashqari, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati kengayadi.

Chunonchi, aholi punktlari infratuzulmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish va samarali joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu ma’ulotlar nihoyatda qo‘l keladi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish natijasida milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yaratiladi.

Aholini ro‘yxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Uning yakuniga yetkazilishi hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylar ro‘yxatini tuzish imkonini beradi. Yana ham aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob’ektlarni qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

Ro‘yxatga olish qanday amalga oshiriladi?

 Mazkur jarayon uch bosqichni qamrab oladi. Birinchisi – tayyorgarlik bosqichi. Bu uch yilga yaqin vaqt davom etadi.

Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini ro‘yxatga olish jarayonlarida faol ishtirok etishi bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq hujjatlar, jumladan, ro‘yxatga olish varaqalari, ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilish metodologiyasini ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

Ikkinchisi – asosiy bosqich. Bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Mazkur jarayon taxminan ikki oy davom etadi.

Mamlakatimizda 2022- yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbiri an’anaviy usulda, ya’ni ro‘yxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uyma-uy yurgan holda, yuzma-yuz suhbat asosida, qog‘oz shaklidagi ro‘yxatga olish varaqalarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, Internet tarmog‘i orqali aholini ro‘yxatga olish imkoniyati ham yaratiladi, ya’ni hoxlovchilar o‘zlari uylaridan yoki masofadan turib, maxsus dastur orqali savolnoma varaqalarini to‘ldirgan holda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Qariyb uch yil cho‘ziladigan so‘nggi bosqichda esa olingan ma’lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil etilib, natijalar rasman e’lon qilinadi. Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik ma’lumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi.

Ro‘yxatga oluvchilarni tanlash masalasi ham nihoyatda dolzarb. Chunki ma’lumotlarning to‘g‘riligiga ular bevosita mas’ul. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar turli yoshda va har xil kasb egalari bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, tadbirga, birinchi navbatda, Davlat statistika qo‘mitasi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, statistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar jalb etilishi maqsadga muvofiq.

Aholini ro‘yxatga oluvchilar uchun uslubiy qo‘llanmalar va video darsliklar ishlab chiqiladi hamda qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi. Zarur hollarda, ularga qo‘shimcha maslahatlar beriladi.

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga hamda ma’lumotlarni qayta ishlashga jalb etilgan xodimlarning mehnatiga haq to‘lash maxsus ishlab chiqilgan va tasdiqlangan normativlar asosida amalga oshiriladi. Jarayonni davlat budjeti mablag‘lari va qonun bilan ta’qiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.

Amaldagi me’yoriy hujjatlarga binoan, yakuniy ma’lumotlar uch tilda (o‘zbek, rus va ingliz tillarida) e’lon qilinishi belgilangan.

Aholini ro‘yxatga olishning dastlabki va yakuniy ma’lumotlari arxivda saqlash uchun tayyorlanadi.