01/07/2024

 Aholini ro‘yxatga olish ya’ni odamlar hisobini yuritish amaliyoti ilk bor miloddan avvalgi 3-ming yillikdan boshlangan.

Bu jarayon dastlab Osiyo va Afrika davlatlari, Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoy va Yaponiyani qamrab olgan. Bu islohotdan ko‘zlangan maqsad soliq to‘lovchilar va askarlikka yaroqli aholi sonini aniqlash bo‘lgan.

Ilk o‘rta asrlarda mazkur tartibot birmuncha takomillashgan. Aholini hisobga olish elementlari xo‘jaliklarning yozma kitoblar, kadastrlardagi tavsiflari bilan uyg‘unlashgan.

Aholini universal ro‘yxatga olish 1665 yilda Yangi Fransiya (Kvebek) koloniyasida bo‘lib o‘tdi. AQShda 1790 yilda to‘liq aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borildi.

Aholini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha zamonaviy bosqich XX asrning o‘rtalaridan boshlangan va o‘sha davrda bir qator Osiyo mamlakatlarida aholi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

XX asrning oxiriga kelib esa aholini ro‘yxatga olish dunyoning deyarli barcha hududini qamrab oldi.

 Hozir jahonning ko‘plab rivojlangan davlatlarida aholi o‘rtacha har o‘n yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? O’zbekiston hududida ilk bor aholini ro‘yxatga olish tadbiri                        1897 yilda amalga oshirilgan. Shundan so‘ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980 yillarda aholi ro‘yxatga olingan. Ushbu tadbir so‘nggi bor  1989 yilda o‘tkazilib, o‘sha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan.

 Mamlakatimizda 1989 yildan keyin va mustaqiligimizning hozirgi kuniga qadar  aholini ro‘yxatga olish ishlari o‘tkazilmagan.

 

Mustaqillik yillaridagi Aholini ro‘yxatga olish uchun  dastlabki  qadam.

Nihoyat  BMT 2015 yilning 10 iyunida “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga ko‘ra, BMTga a’zo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yildi. Hozir Hamdo‘stlik davlatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlanib ketgan.

Xususan, O’zbekistonda ham! Prezidentimizning 2019 yil 5 fevraldagi “O’zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi  PF- 5655 Farmoni bu borada huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz PF-5655-sonli Farmoni asosida Aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish Konsepsiyasi tasdiqlandi va  ushbu Konsepsiya asosida O’zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilib,  2020 yil 16 martda  611-son Qonun  qabul qilindi.

 

Aholini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi.

 Aholini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi O’zbekiston Respublikasida aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.

 

Aholini ro‘yxatga olishning asosiy vazifalari nimalardan iborat.

 - aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir ma’lumotlar bazasini kengaytirish;

- shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash;

- aholini ro‘yxatga olishlar oralig‘idagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;

- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishdir.