Joriy yilning 27-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Statistika agentligi faoliyatining sarhisobi va kelgusidagi vazifalar” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi boshqarma boshliqlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-114-sonli qaroriga muvofiq, Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy statistika sifatini taʼminlash boʻyicha bazaviy prinsiplarini milliy statistika tizimiga joriy etish maqsadida:
- statistika maʼlumotlarini xalqaro GSBPM modeli asosida shakllantirilishi yoʻlga qoʻyiladi;
- rasmiy statistikani tayyorlovchilarning har birida rasmiy statistikada sifat va tarqatish siyosatlari ishlab chiqiladi;
- xalqaro ekspertlarni keng jalb etgan holda milliy statistika tizimini global baholashdan oʻtkazish tashkil etiladi.
Shu bilan birga, sohaga autsorsing tizimini joriy etish maqsadida, statistika kuzatuvlarini amalga oshirish jarayoniga konsalting kompaniyalari, oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari jalb etiladi.
Tizimda integratsiya jarayonlari tubdan yaxshilanadi. Jumladan, “Statistika” integrallashgan axborot tizimini 6 ta vazirlik va idoralar axborot tizimlaridagi maʼlumotlarga hamda “Elektron hukumat” tizimining Idoralararo axborot platformasiga integratsiya qilish yoʻlga qoʻyiladi.
Bundan tashqari, foydalanuvchilarning Statistika agentligi maʼlumotlaridan qoniqish darajasini aniqlash va oshirib borish maqsadida, agentlik tomonidan “Rasmiy statistika maʼlumotlariga boʻlgan ishonch indeksi” uslubiyoti ishlab chiqiladi hamda 2025-yildan boshlab, har yili foydalanuvchilar oʻrtasida soʻrovlar oʻtkazilib, natijalari eʼlon qilib boriladi.
Shuningdek, rasmiy statistika sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” hamda Statistika agentligining 2024-2025-yillarda erishishi lozim boʻlgan maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) belgilab qoʻyildi.
Qarorda belgilangan vazifalarning toʻliq va sifatli bajarilishi, statistik maʼlumotlarning shaffofligi esa xalqaro hamjamiyatning Oʻzbekiston statistikasiga boʻlgan ishonchini yanada oshiradi.
Statistika ishlari dasturiga muvofiq, 2023-yilda jami 3302 ta statistika ishlari belgilangan muddatlarda va toʻliq hajmda, shundan 1830 tasi statistika organlari tomonidan bajarilgan.
Statistika agentligi tomonidan shakllantiriladigan rasmiy statistika maʼlumotlari yoʻnalishida umumiy hisobda 1439 ta, jumladan:
Makroiqtisodiy koʻrsatkichlar va balanslar – 500 ta;
Iqtisodiyot tarmoqlarining koʻrsatkichlari – 604 ta;
Ijtimoiy sohaning koʻrsatkichlari – 183 ta;
Korxona va tashkilotlar yagona davlat registri – 152 ta.
Uslubiyatlarni takomillashtirish va sohani muvofiqlashtirish yoʻnalishida 111 ta statistika ishlari bajarilgan.
Shuningdek, 46 ta xalqaro savolnoma boʻyicha ochiq statistika maʼlumotlarining almashinuvi taʼminlangan.
Shu bilan birga, boshqa vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan statistika organlariga rasmiy statistikani tayyorlash uchun 559 ta maʼmuriy maʼlumotlar taqdim etilgan.
Bundan tashqari, 913 ta statistika ishlari rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida tayyorlangan va tarqatilgan.
2023-yilda xalqaro tashkilotlarning 49 ta savolnomalari, jumladan, BMT Statistika boʻlimining 10 ta, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining 5 ta, YUNESKO statistika institutining 9 ta, Xalqaro Mehnat Tashkilotining 2 ta, Xalqaro Elektroaloqa Ittifoqining 2 ta va boshqa xalqaro tashkilotlarning 14 ta savolnomalari toʻldirildi va taqdim etildi.
Bundan tashqari, 4 ta xalqaro maʼlumotlar bazalaridagi, xususan, XVJning Kengaytirilgan maʼlumotlarni tarqatishning umumiy tizimi doirasida, MDH, “COMTRADE” va “TRANSMONEE” maʼlumotlar bazalarida Oʻzbekistonning statistika koʻrsatkichlari oʻz vaqtida yangilandi.
Statistika dasturiga muvofiq, bajarilgan ishlar ochiq statistika maʼlumotlari, axborotnomalar, toʻplamlar, press-relizlar koʻrinishida hamda ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam ravishda milliy va xorijiy foydalanuvchilar eʼtiboriga yetkazib berildi.
Jumladan, agentlik rasmiy veb-saytining “Rasmiy statistika” boʻlimida qator statistika yoʻnalishlari boʻyicha 498 ta statistika maʼlumotlari toʻplamlari eʼlon qilindi.
Rasmiy statistikani shakllantirishda statistika organlari tomonidan jami 30 ta tanlanma statistika kuzatuvlari hamda 98 ta statistika hisobotlaridan foydalanildi.