Joriy yilning 14-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida shu yilning 29-fevral – 1-mart kunlari Tojikistonning Dushanbe shahrida Jahon banki koʻmagida tashkil etilgan “Markaziy Osiyoda elektron tijorat orqali global foydalanishni kengaytirish (e - GATE)” konferensiyasi doirasida “Elektron tijorat hajmlarini oʻlchash” mavzusidagi mintaqaviy seminar natijalari boʻyicha taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda ushbu xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Statistika agentligining Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi xodimi Sherzod Moʻminov hamda Xizmatlar sohasi statistikasi boshqarmasidan Xan Elena Afanasyevna “Markaziy Osiyoda elektron tijorat orqali global foydalanishni kengaytirish (e-GATE)” mintaqaviy seminar yuzasidan olgan bilim va ko‘nikmalarini agentlik xodimlariga yetkazishdi.
Mazkur taqdimotda Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiz Respublikasi kabi Markaziy Osiyo mamlakatlarida elektron tijorat hajmini oʻlchashning statistik usullari va tajribalari, Albaniya va Sloveniya statistika xizmatlari hamda Jahon bankining UNCTAD, e-GATE kabi xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan elektron tijorat hajmini o‘lchash bo‘yicha tajribalari taqdim etildi.
Shuningdek, tadbir davomida mavzu yuzasidan fikr-mulohaza almashinib, qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.