Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan 2019-yilda taʼsis etilgan “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan jamiyat va davlat hayotida faollik hamda tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati orqali qator yutuqlarga erishgan xotin-qizlar taqdirlanib kelmoqda.
Joriy yilning 5-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishonini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Joriy yilda mazkur koʻkrak nishoni bilan turli sohalarda yetakchi, matonatli, fidoyi moʻtabar ayollar taqdirlandi. Ular safida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi mutaxassisi Lola Sultonovaning ham borligi eʼtiborga molikdir.
Tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar koʻrsatilayotgan eʼtibor va eʼzoz uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirishdi.
Statistika agentligi jamoasi Lola Sultonovani “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangani munosabati bilan muborakbod etadi. Ularga sogʻlik-salomatlik, kelgusi faoliyatida omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz.