30/10/2023

“Kreativ ta’lim va innovatsiya – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosi” shiori ostidagi to‘rt kun davom etgan “InnoWeek-2023” innovatsion g‘oyalar haftaligi o‘z nihoyasiga yetdi.

Haftalikning rasmiy yopilish marosimi “Alpomish” muz saroyida bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov kirish so‘zi bilan ochib, kelganlarni samimiy qutladi.

Haftalik davomida xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar Yangi O‘zbekistondagi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi dolzarb ustuvor vazifalar to‘g‘risida fikr almashdilar.

Haftalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ham faol qatnashdi.

Jumladan, joriy yilning 19-oktabr kuni Toshkent moliya institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi tomonidan “INNO-WEEK-2023” xalqaro innovasion gʻoyalar haftaligi doirasida “Statistika tizimini rivojlantirishning milliy strategiyasi: nazariya va amaliyot” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Tantanali yopilish marosimida tashkilotchilar tomonidan haftalik doirasida faol ishtirok etgan tashkilot va idora vakillari turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Begalov Bahodir Abdusalomovich hafdalik doirasida faol ishtiroki uchun taqdirlandi.

Shiningdek,   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi jamoasi ham turli tashkilot va idoralar vakillari ichida alohida e’tirof etilib, maxsus diplom bilan taqdirlandi.

Aytish joizki, Respublika bo‘ylab o‘tkazilgan haftalikda 230 dan ortiq turli tadbirlar va ko‘rgazmalar tashkil etilib, ularda jami 120 mingdan ortiq ishtirokchi, shundan 75 mingdan ortig‘i hududlardagi tadbirlarda ishtirok etdi. Shuningdek, 30 dan ortiq xorijiy davlatlardan 800 ga yaqin chet ellik mehmonlar onlayn va oflayn tarzda qatnashdi.