Davlat xizmatlari agentligi tomonidan fuqarolarning elektron davlat xizmatlaridan foydalanish madaniyatini oshirish, yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanishning boshlang'ich ko'nikmalari bo'yicha maslahatlar berish, davlat xizmatlari ko'rsatilishida ochiqlik, tezkorlik va shaffoflikni ta'minlash, fuqarolarning ortiqcha vaqt yo'qotishini oldini olish, jismoniy va yuridik shaxslarga keng qamrovli, shu jumladan mobil (sayyor) davlat xizmatlarini ko'rsatish yuzasidan taqdimotlar o'tkazilmoqda. Shuningdek, qishloq va ovullarda tashkil etilgan DXM filiallarining faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, davlat xizmatlari ko'rsatish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidanham aholiga ma'lumotlar berilayapti.
Ana shunday taqdimotning navbatdagisi Toshkent viloyati, Yangiyo'l tuman Davlat xizmatlari markazida bo'lib o'tdi. Unda DXA direktori o'rinbosari N.Muhammadiev tuman aholisiga zamonaviy arxitektura echimi asosida qurilgan, eng so'nggi axborot-kommunikasiya texnologiyalari bilan jihozlangan,2 qavatli markaz binosida fuqarolarga yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar, elektron navbat olish qurilmasi, Infokiosk, kutish zali, fuqarolarga zarur to'lovlarini shu erning o'zida amalga oshirish imkonini yaratish uchun bank shaxobchasi tashkil etilganligi haqida batafsil ma'lumot berdi. Shuningdek, Adliya, fuqarolik holati dalolatnomalari yozish tuman bo'limlari, tadbirkorlar murojaatlarini ko'rib chiqish uchun Bosh vazir qabulxonasi, investorlar uchun alohida xona, notarial xizmat xonasi,kichik kutubxona, bolalar maydonchasi, bufet tashkil etilganligini aytib o'tdi.
Taqdimotda DXM-Mahalla-Fuqaro tamoyiliga alohida e'tibor qaratilib, davlatimiz rahbarining joriy yil noyabr oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida qarshi shahar Davlat xizmatlari markazida fuqarolarimizga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib chiqish jarayonida bergan ko'rsatmalari asosida "qarshi tajribasi" loyihasiga start berilganligi aytib o'tildi. "Qarshi tajribasi" asosida davlat xizmatlaridan foydalanish ko'nikmalarini mahallalarda, shuningdek, yoshlar o'rtasida shakllantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mahalla va maktablarda masofadan turib davlat xizmatlaridan foydalanish bo'yicha maxsus treninglar, mahorat darslar o'tkazilmoqda.
Tadbir yakunida davlat xizmatlari ko'rsatish yuzasidan fikr-mulohaza almashinib, qatnashchilarning qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berildi.
Toshvil.uz