Welcome to TOSHKENT VILOYATI STATISTIKASI   Click to listen highlighted text! Welcome to TOSHKENT VILOYATI STATISTIKASI Powered By GSpeech

Hurmatli foydalanuvchilar, Sizlarni Davlat statistika qo'mitasi tomonidan joriy yilning 1 iyunidan 30 sentyabrgacha “Taqdim qilinayotgan statistik ma'lumotlarning sifatidan foydalanuvchilarning qoniqish darajasini baholash” bo'yicha o'tkazilayotgan so'rovnomada, savolnomani to'ldirish asosida ishtirok etishga taklif qilamiz.

Toshkent viloyatidagi «Textile technologies group” korxonasiga qarashli Chinoz paxta toʼqimachilik ishlab chiqarish klasteri maydonida ilk bor organik paxta yetishtirildi.

–Organik paxtani yetishtirish jahon boʼyicha keng tarqalgan, – dedi Chinoz paxta toʼqimachilik ishlab chiqarish klasteri mutaxassisi Tursunboy Komilov. – Аlbatta, biz uchun bu ish yangilik. OʼzFА olimlari va xorijlik mutaxassislar hamkorligida bu yil shu ishga qoʼl urildi. Hozir Chinoz tumanining 217 gektar maydonida ilk bor organik paxta yetishtirildi. Organik paxpa parvarishi uchun kimyoviy va mineral oʼgʼitlar ishlatilmay, aksincha, biomahsulotlar ishlatildi. Kutilgan natija esa aʼlo darajada. Hosildorlik ham yuqori, har bir gektaridan 30 sentnerdan hosil olinmoqda. Hatto organik paxta chigitidan ekologik toza yogʼ olish imkoniyati ham paydo boʼldi. Eng muhimi, joriy yilning oktyabrь kuni biz yetishtirgan organik paxta xalqaro ekologik talablarga toʼliq javob berishi toʼgʼrisida sertifikatga ega boʼldi. Endi buning natijasida mahsulotni jahon va Yevropa bozoriga eksport qilish imkoni paydo boʼladi.

Yetishtirilgan organik paxtaning sifat darajasini aniqlash maqsadida Bolgariyadan yurtimizga kelgan “Control union” tashkiloti inspektor-auditori Yekaterina Tomeva mahsulotga yuqori baho bergan. Uning fikricha, mahsulotdan nafaqat oliy navli tola, balki chigitidan ekologik toza paxta yogʼi olish mumkin. Mahsulot jahon va Yevropa bozorida sifati boʼyicha bozordagi narxi bir yarim barobar qoʼshimcha qiymatga ega.

Bu mahsulot haqida yana bir muhim maʼlumot shuki, joriy yilning 8 oktyabrida Chinozda yetishtirilgan organik paxta Yevropa bozoriga chiqish sertifikatiga ega boʼldi.

"Oʼztoʼqimachiliksanoat" uyushmasi va mazkur korxona hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun uyushtirilgan press-tur jarayonida bu kabi yutuqlar haqida maʼlumot berildi

Ular klaster maydonida yetishtirilgan organik paxta hosilini oʼz koʼzlari bilan koʼrdi hamda terimchilar bilan suhbatda boʼldi.

Tanishuv paytida jurnalistlarga maʼlum qilishicha, kelgusi yil 1150 gektar yerda organik qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetishtirish koʼzda tutilgan. Shundan 600 gektarida organik paxta, qolgan maydonida esa organik bugʼdoy yetishtirish rejalashtirilmoqda.

Organik paxta hosili haqida maʼlumotlar olgan OАV vakillarini tashkilotchilar “Textile technologies group” masʼuliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasiga taklif qildi.

Korxonada chindan ham ish qizgʼin ekan. Besh yuz nafar ishchi-xodimdan iborat jamoaning aksariyatini yoshlar tashkil etadi.

Ushbu "Textil Technologies Group» MChJ shaklidagi xorijiy korxona 2010 yilda tashkil etilgan boʼlib, u 2013 yildan boshlab oʼz ishlab chiqarish faoliyatini boshlagan. Аsosiy faoliyati kalava ip ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonaning yillik quvvati 5400 tonnani tashkil etadi. Korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar Xitoy, Turkiya, Eron, Koreya davlatlariga, shuningdek, Rossiya, Belarusь va Qirgʼizistonga eksport qilinadi.

–Davlatimiz tomonidan toʼqimachilik sanoatini rivojlantirishda klaster faoliyatini keng joriy qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda, –dedi mazkur korxona direktori Dilshod Tojiboev. – Shundan kelib chiqib, biz uchun Toshkent viloyati Chinoz tumanida klaster asosida paxta xom ashyosini yetishtirish maqsadida 7 ming gektar yer maydon ajratildi. Ushbu yer maydonidan 5 ming 700 gektarda Chinoz fermer xoʼjaliklari bilan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari asosida va 1 ming 300 gektarda klaster asosida paxta hosili yetishtirilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, korxona jamoasining kelgusi rejalari yanada ulkan. Masalan, korxonaning faoliyatini takomillashtirish uchun 11 loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish koʼzda tutilmoqda. Bunda paxtani yetishtirishdan to tayyor mahsulotgacha qayta ishlash texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan.

toshvil.uz

Tugmani bosing Tinglash