Joriy yil 22- dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning “Sifatli ma'lumotlar – samarali siyosat” mintaqaviy loyihasi doirasida videokonferensiya tashkil etildi.
MDH Davlatlararo statistika qo'mitasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda MDHga a'zo davlatlarning milliy statistika idoralari mutaxassislari yoshlar holati va barqaror rivojlanish maqsadlari masalalarida fikr-mulohaza almashdi.
Videokonferensiyani MDH Davlatlararo statistika qo'mitasi raisi o'rinbosari Vladimir Naydulov kirish so'zi bilan ochib berdi. Tadbirda shuningdek, BMTning Ijtimoiy va demografik statistika sektori rahbari Andres Vikat, UNFPAning mintaqaviy vakolatxonasi loyiha menejeri Meger Omirzakov so'zga chiqdi.
Konferensiya kun tartibida yoshlarning holati to'g'risida statistikani shakllantirish va MDH Davlatlararo statistika qo'mitasi tomonidan “MDH yoshlari va barqaror rivojlanish maqsadlari” qo‘llanmasini tayyorlash masalalari yuzasidan ma'ruzalar tinglandi.
MDHga a'zo davlatlarning milliy statistika xizmatlari yoshlarning holati va barqaror rivojlanish maqsadlari to'g'risidagi statistikani shakllantirish bo'yicha ilg‘or tajribaga ega mamlakatlarning qisqa nutqlarini tayyorladi.
Konferensiya ishida O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasidan Aholi turmush darajasi va kuzatuvlari statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Umid Madaminov, Demografiya va mehnat statistikasi boshqarmasi boshlig'i Zoyir Yo'ldoshev, Ijtimoiy soha va barqaror rivojlanish statistikasi boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Jahongir Qambarov qatnashdi.
Tadbir ishtirokchilari yoshlar to'g'risidagi ma'lumotlarni shakllantirish bo'yicha taklif va mulohaza almashib, MDH mintaqasida ma'lumotlar almashish bo'yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Stat.uz