Welcome to TOSHKENT VILOYATI STATISTIKASI   Click to listen highlighted text! Welcome to TOSHKENT VILOYATI STATISTIKASI Powered By GSpeech

Diqqat! Barcha statistik hisobotlarni taqdim etish uchun stat.uz saytidan eStat 3.0 yangi dasturini ko’chirib oling!!!

Qishloq xo`jaligi yalpi mahsuloti – hisobot davrida qishloq xo`jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi sub`ektlar tomonidan ishlab chiqarilgan dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari hajmlarining qiymatini belgilab, ishlab chiqarishning umumiy hajmini ifodalaydi.

Qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishini isloh qilishni diversifikatsiyalash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, zamonaviy yuqori samarali texnologiyalarni joriy etish hamda xo`jaliklarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo`yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida, qishloq xo`jaligi yalpi mahsuloti hajmi 2016 yilda 5957,1 mlrd. so`mni tashkil etib, 2005 yilga nisbatan 9,1 martaga o`sishini ta`minladi. Shu jumladan, dehqonchilik mahsulotlari hajmi 3720,8 mlrd. so`mni (11,9m.), chorvachilik mahsulotlari hajmi 2236,2 mlrd. so`mni (6,9 m.) tashkil etdi. 2010-2016 yillar davomida jami qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi barqaror sur`atlarda o`sib bordi, bunda o`sish sur`ati yiliga 5-6 foizni tashkil etdi.

1

1-rasm. Qishloq xo`jaligi yalpi mahsulotining 2005-2016yillardagi o`sish sur`ati

 

Qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni xo`jaliklar toifalari kesimida tahlil etilganda, yildan-yilga fermer xo`jaliklarining ulushi oshib borayotganligi, o`z navbatida qishloq xo`jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar ulushi esa kamayib borayotganligi kuzatilmoqda. Viloyatimizda faoliyat yuritib kelayotgan past rentabelli qishloq xo`jaligi tashkilotlari yer maydonlarini qisqartirilib, ular negizida mustahkam moddiy texnika bazasiga ega bo`lgan ko`p tarmoqli fermer xo`jaliklarining tashkil etilishi, jami qishloq xo`jaligi yalpi mahsulotida fermer xo`jaliklari ulushining 2005 yildagi 13,4 foizdan 2016 yilda 34,3 foizgacha ko`payishida hamda qishloq xo`jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar ulushini esa 2005 yildagi 19,6 foizdan 2016 yilda 5,1 foizgacha kamayishida o`z ifodasini topdi (2-rasm).

2

2-rasm. 2016 yilda qishloq xo`jaligi yalpi mahsulotining xo`jaliklar toifalari bo`yicha taqsimlanishi

 

Shuningdek, 2016 yilda qishloq xo`jaligi yalpi mahsuloti tarkibida dehqonchilik mahsulotlarining ulushi 2005 yildagi 49,08 foizdan 62,4 foizgacha ko`paydi va shu davr mobaynida mos ravishda chorvachilik mahsulotlarining ulushi 50,9 foizdan 37,5 foizgacha kamaydi (3-rasm).

 3

3-rasm. 2000-2016 yillarda qishloq xo`jaligi yalpi mahsulotining tarkibi (foizda)

 

Viloyatimizda 2005 yilda ekin maydoni 339,6 ming gektarni tashkil etgan bo’lsa , bu ko’rsatkich 2016 yilga kelib 353,5 ming gektarni tashkil etdi (4-rasm).

4

4-rasm.2005-2016 yillarda jami qishloq xo`jaligi ekinlari maydoni, (ming gektar)

 

5

5-rasm. 2005-2016 yillarda asosiy turdagi qishloq xo`jaligi ekinlarining maydoni, (ming gektar)

 

6

6-rasm.2005-2016 yillarda mevali bog`lar va tokzorlar maydoni, (ming gektar)

 

2005-2016 yillar davomida qishloq xo`jaligi ekinlari maydonlarining tarkibiy tuzilmasini maqbullashtirish bo`yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida, 2016 yilda 2005 yilga nisbatan asosiy maydonga ekilgan jami don ekinlari maydonlari 4,8 ming gektarga, kartoshka – 0,8 ming gektarga, sabzavotlar – 1,8 ming gektarga, mevali bog`lar – 2,8 ming gektarga, tokzorlar – 0,9 ming gektarga ko`payib, ular hisobiga texnik ekinlar – 20,0 ming gektarga  kamaydi.

7

7-rasm. Asosiy turdagi qishloq xo`jaligi ekinlari maydonlarining jami ekin ekilgan maydonga nisbatan ulushi, (foizda)

 

2005-2016 yillardagi qishloq xo`jaligi ekinlari maydonlari tuzilmasidagi o`zgarishlar tahlili, umumiy ekin maydoniga nisbatan don ekinlari mos ravishda 43,5 foizdan – 43,9 foizgacha, kartoshka 1,8 foizdan – 2,8 foizgacha, sabzavotlar 7,8 foizdan – 10,4 foizgacha ozuqa ekinlari 11 foizdan 13,8 ko`payganligini, shu bilan birga, texnik ekinlar 35 foizdan 27,4 foizgacha, foizgacha kamayganligini ko`rsatdi (7-rasm).

Qishloq xo`jaligi ekinlarining yig`ib olingan yalpi hosili – barcha qishloq xo`jaligi ekinlari ekilgan maydonlar (asosiy, takroriy, oraliq, qator oralig`i ekinlari)dan yig`ib olingan mahsulot. Qishloq xo`jaligi ekinlarining yig`ib olingan yalpi hosili birlamchi kirim qilingan (fizik) vaznda hisobga olinadi va alohida har bir ekin turi bo`yicha hamda ekinlar guruhlari bo`yicha umumlashtiriladi.
Тошкент viloyatida oziq-ovqat ekinlari yetishtirish hajmlarini ko`paytirish va shu asosda aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo`lgan talabini qondirish bo`yicha tizimli choralarning amalga oshirilishi natijasida, 2016 yilda viloyatning barcha toifadagi xo`jaliklarida jami don – 697,9 ming tonna (2005 yilga nisbatan 23,1% ga ko`p), kartoshka –437,6 ming tonna (3,1m.), sabzavotlar – 2244,2 ming tonna (3,2m.), poliz – 162,2 ming tonna (3,7m.), mevalar va rezavorlar – 222,9 ming tonna (3,1m.), uzum – 174 ming tonna (2,9m.) ishlab chiqarilishiga erishildi. 2016 yilda 201,5 ming tonna paxta xom-ashyosi ishlab chiqarilib, bu 2005 yilga nisbatan 73,1 foizni tashkil etdi (8-rasm).

 8

8-rasm. Asosiy turdagi dehqonchilik mahsulotlari ishlab chiqarish (ming tonna)

 

2016 yilda viloyatda 437,6 ming tonna kartoshka, 2244,2 ming tonna sabzavotlar, 162,2 ming tonna poliz , 222,9 ming tonna meva , 174 ming tonna uzum mahsulotlari etishtirildi.

Qishloq xo`jalik ekinlarining hosildorligi – ekin maydonlari birligidan (sotok, gektar) olingan o`rtacha hosil. Qishloq xo`jaligi ekinlarining o`rtacha hosildorligi, asosiy maydondan (oraliq, takroriy, qator oralig`i ekinlarisiz) yig`ib olingan yalpi hosilni yig`ib olingan maydonga bo`lish yo`li bilan aniqlanadi.
2016 yilda o`rtacha 1 gektar ekin maydonidan yig`ib olingan qishloq xo`jaligi ekinlari hosildorligining 2005 yilga nisbatan tahlili, don ekinlarining hosildorligi 3,7 sentnerga, kartoshka – 49,8 sentnerga, sabzavotlar – 64,7 sentnerga, poliz – 52,3 sentnerga, mevalar – 59,5 sentnerga, uzum – 64,1 sentnerga ko`payganligini ko`rsatdi (1-jadval).

1-jadval

Asosiy turdagi qishloq xo`jaligi ekinlarining hosildorligi, (ts/ga)

9

Viloyatimiz aholisini qishloq xo`jaligi mahsulotlari bilan ta`minlash darajasining oshirilishiga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, 2016 yilda 2005 yilga nisbatan aholi jon boshiga don ishlab chiqarishni 12 kg.ga, kartoshkani 98,7 kg.ga, sabzavotlarni 509,5 kg.ga, poliz mahsulotlarini 40 kg.ga, mevalarni 50 kg.ga, uzumni 37,4 kg.ga, go`shtni 32,2 kg.ga, sutni 124,4kg.ga, tuxumni 219 donaga ko`payishiga olib keldi.

Chorva mollari va parrandalar bosh soni – xo`jaliklardagi, ularning yaylovda yoki xo`jalikdan tashqari boshqa joylarda bo`lishidan qat`iy nazar, mavjud barcha turdagi qishloq xo`jaligi hayvonlari va parrandalarning fizik birlikda (boshda) bosh sonini o`z ichiga oladi.
2017 yil 1 yanvar holatiga, viloyatning barcha toifadagi xo`jaliklarida yirik shoxli qoramollarning umumiy bosh soni 861,3 ming boshni (2006 yil 1 yanvar holatidagi umumiy bosh soniga nisbatan 2,1 marta ko`p), shu jumladan sigirlar – 350,3 ming boshni (1,6m), qo`y va echkilar – 838,1 ming boshni (1,9m.), cho`chqalar – 35,5 ming boshni (1,2m), otlar – 48,6 ming boshni(1,4m), parrandalar – 14242,8 ming boshni (3,4m.), asalari oilalari – 17,5 mingtani (2,5m.) tashkil etdi.
2016 yilda tirik vaznda 238,9 ming tonna go`sht ishlab chiqarildi va 2005 yilga nisbatan 1,8 martaga o`sish ta`minlandi. Shuningdek, 838,2 ming tonna sut (2,1m.), 1299,6 mln.dona tuxum (3,6m.), 2438 tonna jun (2,4m.), 406 tonna asal (5,2m.), 1641,44 tonna pilla (145,8 foiz) ishlab chiqarildi (9-rasm).

10

9-rasm. 2005-2016 yillarda asosiy turdagi chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish (ming tonna:mln dona)

 

Fermer xo`jaliklarining qishloq xo`jaligi faoliyati to`g`risida

Fermer xo`jaliklari – ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xo`jaligi mahsuloti ishlab chiqarish bilan shug`ullanuvchi, mustaqil xo`jalik yurituvchi sub`ektdir.
Viloyatda 2017 yil 1 yanvar holatiga, faoliyat yuritayotgan fermer xo`jaliklarining soni 14179 tani tashkil etib, ularga biriktirilgan umumiy yer maydoni 471,7 ming gektarga teng bo`ldi va bitta fermer xo`jaligiga o`rtacha 33,3 gektar yer maydoni to`g`ri keldi (10 va 11-rasmlar).

11

10-rasm. 2005-2016 yillarda fermer xo`jaliklarining soni (birlikda)

12

 11-rasm. Fermer xo`jaliklarining barcha toifadagi xo`jaliklarga nisbatan ulushi (foizda)

 

Tahlil natijalari, fermer xo`jaliklarida paxtachilik, donchilik, meva-sabzavotchilik va dehqonchilikni boshqa sohalarini yuqori sur`atlarda rivojlanayotganligidan dalolat beradi.
Shuningdek, 2005-2016 yillarda fermer xo`jaliklarida ishlab chiqarilgan don ekinlarining barcha toifadagi xo`jaliklarga nisbatan ulushi 41 foizdan 89,4 foizgacha, paxta xom-ashyosi 45,6 foizdan 99,7 foizgacha, kartoshka 9,1 foizdan 34,9 foizgacha, sabzavotlar 19,5 foizdan 39,2 foizgacha, poliz 46 foizdan 71,9 foizgacha, mevalar 14,3 foizdan 54,4 foizgacha, uzum 3,9 foizdan 59,1 foizgacha ko`paydi.

Dehqon (shaxsiy yordamchi) xo`jaliklarining qishloq xo`jaligi faoliyati to`g`risida

Dehqon (shaxsiy yordamchi) xo`jaligi – oilaviy mayda tovar xo`jaligi bo`lib, oila a`zolarining shaxsiy mehnati asosida, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish uchun oila boshlig`iga berilgan tomorqa yer uchastkasida qishloq xo`jaligi mahsuloti yetishtiradi va sotadi.
2016 yilda dehqon (shaxsiy yordamchi) xo`jaliklari soni 456,9 mingtaga yetib, 2005 yilga nisbatan o`sish 103,6 foizni, 2010 yilga nisbatan 102,1 foizni va 2015 yilga nisbatan 100,3 foizni tashkil etdi.

Qishloq xo`jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar faoliyati to`g`risida

Qishloq xo`jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar – xo`jalik yuritish jarayonida yerga hamda boshqa mulklarga egalik qiluvchi, dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi va qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishiga xizmat qiluvchi yuridik shaxsdir.
2005-2016 yillarda, qishloq xo`jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarning barcha toifadagi xo`jaliklardagi ulushi, don ekinlari maydonlari bo`yicha 50,9 foizdan 4,4 foizgacha, g`o`za 56 foizdan 0,5 foizgacha, kartoshka 8,4 foizdan 1,6 foizgacha, sabzavotlar 19,2 foizdan 2,2 foizgacha, poliz 33,7 foizdan 1,8 foizgacha, mevali bog`lar 56,4 foizdan 8,9 foizgacha, tokzorlar 62,5 foizdan 6,9 foizgacha kamaydi.
Tahlil etilayotgan davrlarda, qishloq xo`jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarning barcha toifadagi xo`jaliklarga nisbatan ulushi, yirik shoxli qoramollar bosh soni bo`yicha 11 foizdan 4 foizgacha, sigirlar 12,1 foizdan 2,6 foizgacha, qo`y va echkilar 16,4 foizdan 2,3 foizgacha, otlar 16,4 foizdan 3,9 foizgacha, asalari oilalari 31,1 foizdan 18,4 foizgacha kamaydi, parrandalar 26,7 foizdan 38,4 foizgacha ko’paydi.
Asosiy qishloq xo`jaligi ekinlari maydonlarining, chorva mollari va parrandalar bosh sonining tahlil qilinayotgan davrlarda kamayishi, o`z navbatida ishlab chiqarilgan dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarining kamayishiga ham sabab bo`ldi (12-rasm).

13

12-rasm. Qishloq xo`jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarning asosiy turdagi qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi barcha toifadagi xo`jaliklarga nisbatan ulushi (foizda)

 

Xulosalar

Mustaqillik yillarida viloyatimizda qishloq xo`jaligi sohasiga bozor tamoyillarini joriy qilish va mulkchilik shakllarini to`liq o`zgartirish bilan tub islohotlar o`tkazildi, natijada xo`jalik yuritishning yangi shakllari paydo bo`lib, ular qishloq xo`jaligi iqtisodiyotining rivojlanishida o`z aksini topdi.
Paxta monokulturasidan chekinish, oziq-ovqat mahsulotlari, birinchi navbatda don mahsulotlari bilan o`zini-o`zi ta`minlash hamda oziq-ovqat mustaqilligiga erishish, qishloq xo`jaligini rivojlantirish strategiyasining asosiy tamoyillari bo`lib hisoblanadi.
Ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash va oziq-ovqat mustaqilligini ta`minlash bo`yicha qishloq xo`jaligini strategik rivojlantirish doirasida o`tkazilgan kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida, so`nggi yillarda sohada yuqori sur`atlarga erishildi.
Yuqori sur`atlarda o`sib borayotgan viloyat aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlash maqsadida, oziq-ovqat ekinlari maydonlarining kengaytirilishi hisobiga g`o`za ekin maydonlari qisqartirildi. Ozuqa ekinlari maydonlarining qisqartirilishi, chorva mollari va parrandalarni mustahkam ozuqa bazasi bilan ta`minlash yaxshi yo`lga qo`yilgan takroriy, oraliq, qator oralig`i ekinlarini ekish hisobidan qoplanayotganligi bilan izohlanadi.
Viloyatda ekin maydonlari tarkibiy tuzilmasini oziq-ovqat ekinlari maydonlarini kengaytirish hisobiga bosqichma-bosqich maqbullashtirish bo`yicha aniq maqsadli yo`naltirilgan chora-tadbirlar ko`rilmoqda, shuningdek dehqon (shaxsiy yordamchi) va fermer xo`jaliklarida chorva mollari va parrandalar bosh sonini ko`paytirishni rag`batlantirish bo`yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tahlillar natijalari, fermer xo`jaliklarida asosan paxtachilik, donchilik, meva-sabzavotchilik va dehqonchilikning boshqa yo`nalishlari, dehqon (shaxsiy yordamchi) xo`jaliklarida esa chorvachilikning yuqori sur`atlarda rivojlanayotganligidan dalolat bermoqda.
Viloyat aholisini dehqonchilik mahsulotlari bilan ta`minlash asosan fermer xo`jaliklari tomonidan, chorvachilik mahsulotlari bilan ta`minlash esa dehqon (shaxsiy yordamchi) xo`jaliklari tomonidan amalga oshirilayotganligi kuzatilmoqda.

YANGILIKLARGA OBUNA BO'LING

Tugmani bosing Tinglash