Welcome to TOSHKENT VILOYATI STATISTIKASI   Click to listen highlighted text! Welcome to TOSHKENT VILOYATI STATISTIKASI Powered By GSpeech

Diqqat! Barcha statistik hisobotlarni taqdim etish uchun stat.uz saytidan eStat 3.0 yangi dasturini ko’chirib oling!!!

Toshkent viloyatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi

Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo`yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish va barqaror iqtisodiy o`sish sur`atlarini ta`minlash imkonini bermoqda.Toshkent viloyatida 2000-2016 yillarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning YaHMdagi ulushi 34,0 foizdan 57,1 foizga o`sib, 23,1 foiz birlikka ortgan (1-rasm).

image001

 1-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning YaIMdagi ulushi

Kichik biznes sub`ektlarining demografiyasi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarini har tomonlama qo`llab quvvatlash va ularga qulay shart-sharoitlar yaratib berish bo`yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida ularning soni yil sayin oshib bormoqda. 2017 yil 1 yanvar holatiga Toshkent viloyatida faoliyat ko`rsatayotgan kichik biznes sub`ektlari soni (dehqon va fermer xo`jaliklaridan tashqari) 20276 tani tashkil etib, 2000 yilga nisbatan 12502 taga yoki 2,6 barobar ko`paygan (2-rasm).

image002

2-rasm. Faoliyat ko`rsatayotgan kichik biznes sub`ektlari soni 

(1 yanvar holatiga, ming birlikda)

2017 yil 1 yanvar holatiga iqtisodiy faoliyat turlari bo`yicha 5825 ta kichik biznes sub`ektlari (jami sub`ektlarning 28,7 foizi) savdo sohasida, 4396 tasi (21,4 foizi) sanoatda, 1426 tasi (7,0 foizi) qurilishda, 2319 tasi (11,4 foizi) qishloq, o`rmon va baliq xo`jaliklarida, 1889 tasi (9,3 foizi) yashash va ovqatlanish bo`yicha xizmatlar ko`rsatish sohasida, 817 tasi (4,0 foizi) yuk tashish va saqlash sohasida va 2753 tasi (13,6 foizi) boshqa sohalarda faoliyat ko`rsatmoqda (3-rasm).

image003

 3-rasm. 2017 yil 1 yanvar holatiga faoliyat ko`rsatayotgan kichik biznes sub`ektlari sonining iqtisodiy faoliyat turlari bo`yicha taqsimlanishi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida bandlik. 2000 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida mehnat faoliyati bilan band bo`lganlar soni 484,3 ming kishini tashkil etgan bo`lsa, 2010 yilda bu ko`rsatkich 839,9 ming kishini, 2016 yilda esa 989,2 ming kishini tashkil etib, mazkur sohada band bo`lganlar soni 2000 yilga nisbatan solishtirilganda 504,9 ming kishiga yoki 2 barobar ko`payganligini ko`rish mumkin (4-rasm).

image004

4-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikda band bo`lganlar soni

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida band bo`lganlarning iqtisodiyotda band bo`lganlar umumiy sonidagi ulushi 2000 yilda 54,1 foizni tashkil etgan bo`lsa, 2005 yilda bu ko`rsatkich 62,7 foizni, 2010 yilda 72,7 foizni, 2016 yilda esa 76,9 foizni tashkil etib, 2000 yilga nisbatan 22,8 foiz birlikka oshgan (5-rasm).

image005

5-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotda band bo`lganlar umumiy sonidagi ulushi

Kichik biznesning iqtisodiyotda band bo`lganlar sonidagi ulushi turli xorijiy davlatlar ko`rsatkichlari bilan taqqoslanganda, Yaponiyada bu ko`rsatkich 78,0 foizni, Italiyada 71,0 foizni, Germaniyada 69,5 foizni, Buyuk Britaniyada 56,0 foizni, AQShda 54,0 fizni, Rossiyada 25,6 foizni tashkil etganligini ko`rishimiz mumkin (6-rasm). Ko`rinib turibdiki, mamlakatimizda mazkur sohaning iqtisodiyotda bo`lganlar sonidagi ulushi rivojlangan davlatlar ko`rsatkichlaridan ham yuqori darajaga yetgan. Bu mamlakatimizda aholi bandligini ta`minlash bo`yicha aniq, manzilli choralar ko`rilayotganidan dalolatdir.

image006

 6-rasm. Dunyoning turli davlatlarida kichik biznesning iqtisodiyotda band bo`lganlarning umumiy sonidagi ulushi

Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari rivojlanishida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o`rni. Kichik biznesning iqtisodiyotdagi ahamiyati uning sohada raqobat muhitini ta`minlash, yirik korxonalar uchun mahsulot yetkazib berish, yangi ish o`rinlarini yaratish, bozor tizimining moslashuvchanligini oshirish, resurslarni ishlab chiqarishga safarbar etish, soliq tushumlari hajmining o`sishini ta`minlash, aholi daromadlari darajasini barqarorlashtirish kabi omillar bilan belgilanadi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi ichki bozorimizni raqobatbardosh va sifatli mahsulotlar bilan to`ldirishda, aholini ish bilan ta`minlash va daromadi ko`payib, farovonligi oshib borishiga erishishda eng asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Sanoat. Mazkur tarmoqda kichik biznes sub`ektlarining yuqori sur`atlarda o`sishi, qulay ishbilarmonlik muhitining yaratilishi, yagona soliq to`lovi stavkalarining pasaytirilishi, resurslardan va ishlab chiqarish infratuzilmalaridan foydalanishga ruxsat berish shartlarining soddalashtirilishi hamda kichik biznes sub`ektlarini yirik kompaniyalar bilan kooperatsiya aloqalarining kuchayishi natijasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmidagi ulushi 2000 yildagi 8,1 foizdan 2016 yilda 34,0 foizga yoki 25,9 foiz birlikka sezilarli daraja o`sdi (7-rasm).

image007

7-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning sanoatdagi ulushi

2016 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan 5737,5 mlrd.so`mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan (jami sanoat mahsulotlarining 34,0 foizi) yoki 2015 yilga nisbatan 16,8 foizga o`sgan.

So`nggi yillarda sanoatning asosiy tarmoqlarida, ayniqsa oziq-ovqat sanoati, yengil sanoat, qurilish materiallari sanoati, mashinasozlik va metallga ishlov berish sanoati, kimyo va neft-kimyo sanoati hamda farmatsevtika sanoatida faoliyat yuritib kelayotgan kichik biznes sub`ektlari sonining oshib borayotganligi va ular tomonidan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning yuqori o`sish sur`atlari qayd etilayotganligi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning sanoatdagi ulushini barqaror ravishda oshib borishini ta`minlashda asosiy omillardan biri bo`lib xizmat qilmoqda.

Shu o`rinda, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 apreldagi PF-4609-son “O`zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi Farmoniga muvofiq, sanoatning sermehnat tarmoqlari bo`lmish oziq-ovqat sanoati, yengil sanoat va qurilish materiallari sanoati tarmoqlarida kichik korxonalar xodimlarining o`rtacha yillik cheklangan soni 200 kishigacha oshirilganligi mazkur tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan kichik biznes sub`ektlari sonining ko`payishiga imkoniyat yaratib berayotganligini alohida qayd etish zarur.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning sanoatdagi ulushi 2013-2016 yillarda Bo`stonliq tumanida 52,8 foiz birlikka o`sgan. Shuningdek, Quyichirchiq tumanida 44,3 foiz, Bekabod tumanida 40,1 foiz va Bo`ka tumani 30,2 foiz birlikka ko`paygan (1-jadval).

1-jadval

Hududlar bo`yicha kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning sanoatdagi ulushi (foizda) 

 1table

1-jadval ma`lumotlariga asosan 2016 yilda hududlar bo`yicha kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning sanoatdagi ulushi bo`yicha eng yuqori ko`rsatkich yuqorichirchiq tumanida 90,7 foizni tashkil etgan. Shuningdek, Bo`stonliq tumanida bu ko`rsatkich 90,2 foizni va Parkent tumanida 81,6 foizni tashkil etgan.

Mazkur ko`rsatkich bo`yicha o`rta darajada bo`lgan Bekabod shahrida 7.0 foizni hamda Zangiota tumanida 55,4 foizni qayd etgan.

Olmaliq shahrida bu ko`rsatkich 5,3 foizni, Ohangaron tumanida 10,3 foizni va Qibray tumanida 40,3 foizni tashkil etib, past darajani qayd etgan.

Qishloq xo`jaligi. Qishloq xo`jaligi iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlaridan biri bo`lib, aholini oziq-ovqat mahsulotlariga, sanoatni esa xom-ashyoga bo`lgan talabini qondiradi. Shuningdek, qishloq xo`jaligi mamlakatimiz agrosanoat majmuasining yetakchi tarmog`i bo`lib, dehqonchilik, choravachilik va meva-sabzavotchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini o`z ichiga oladi.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida qishloq xo`jaligida chuqur tarkibiy islohotlar o`tkazilib, sohada bozor munosabatlarini shakllantirish, mulkchilikning nodavlat shakliga o`tish, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, dehqon va fermer xo`jaliklari faoliyatini yo`lga qo`yish kabi muhim masalalarni hal etishga katta e`tibor berildi. Bugungi kunda fermerlik harakati jadal rivojlanib, dehqonchilikda g`allachilik, paxtachilik, sholikorlik, meva-savzavotchilik hamda chorvachilik esa qoramolchilik, qo`ychilik, qorako`lchilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik yo`nalishlarida hamda mahsulotlarni qayta ishlash sohalarida faoliyat ko`rsatayotgan ko`p tarmoqli fermer xo`jaliklari rivojlanib bormoqda.

Respublikamizda fermer xo`jaliklarining yuqori sur`atlarda rivojlanishi natijasida 2000-2016 yillarda qishloq xo`jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 70,1 foizdan 96,3 foizga oshgan (8-rasm).

 image008

8-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning qishloq xo`jaligidagi ulushi

Qurilish. Qishloq joylarda namunaviy uylar qurish bo`yicha Hukumat dasturlarining qabul qilinishi kichik biznes sub`ektlari tomonidan respublikamizda, shu jumladan qishloq joylarda qurilish ishlari hajmining barqaror o`sishini ta`minladi. Turar joylarning qurilishi bilan birga, ijtimoiy infratuzilma ob`ektlari, qishloq vrachlik punktlari, umumta`lim muassasalari, xizmat ko`rsatish va servis sohalaridagi ob`ektlarning qurilishi kichik biznes sub`ektlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining qurilish sohasidagi ulushi 2000 yilda 33,7 foizni tashkil etgan bo`lsa, 2016 yilda 73,8 foizga yetib, 40,1 foiz birlikka sezilarli darajada oshgan (9-rasm).

image009

 9-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning qurilishdagi ulushi

2016 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan 1214,9 mlrd.so`mlik qurilish ishlari bajarilgan (jami qurilish ishlari hajmining 73,7 foizi) yoki 2015 yilga nisbatan 3,1 foizga o`sgan. Shu jumladan kichik korxona va mikrofirmalar tomonidan 562,9 mlrd.so`mlik qurilish ishlari bajarilgan (jami qurilish ishlari hajmining 34,1foizi) yoki 2015 yilga nisbatan 10,1 foizga o`sgan. Shuningdek, yakka tartibdagi turar-joylar va noturar joy obektlari qurilishida 652,0 mlrd.so`mlik ishlar amalga oshirildi (jami qurilish ishlari hajmining 39,6 foizi) yoki 2015 yilga nisbatan 7,2 foizga kamaygan.

Savdo. Chakana savdo tovar aylanmasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining ulushi 2000 yildagi 74,1 foizdan 2016 yilda 89,6 foizga yetib, 15,5 foiz birlikka oshgan (10-rasm).

image010

10-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning chakana savdo aylanmasi hajmidagi ulushi

2016 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining chakana savdo aylanmasi hajmi 8385,9 mlrd.so`mni tashkil etgan (jami chakana savdo aylanmasi hajmining 90,9 foizi). Shu jumladan 2128,3 mlrd.so`mlik chakana savdo hajmi (jami chakana savdo aylanmasi hajmining 23,0 foizi) kichik korxona va mikrofirmalar hissasiga hamda 6257,6 mlrd.so`mlik chakana savdo hajmi (jami chakana savdo aylanmasi hajmining 67,8 foizi) yakka tartibdagi tadbirkorlar hissasiga to`g`ri keladi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning tashqi savdo faoliyati. Import o`rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kichik biznes sub`ektlarining davlat tomonidan qo`llab-quvvatlanishi eksport hajmida kichik biznesning hissasini oshirish imkonini bermoqda.

Viloyat eksportining umumiy hajmida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 2000 yilda 6,3 foizni tashkil etgan bo`lsa, 2016 yilda 28,7 foizga yetgan, ya`ni 22,4 foiz birlikka oshgan (11-rasm).

image011

11-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning eksportdagi ulushi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida investitsiyalar. Iqtisodiyot tarmoqlarida kichik biznes sub`ektlarining faol xo`jalik faoliyati yuritishining muhim indikatorlaridan biri bu kiritilgan investitsiyalar hajmidir.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratib berilayotganligi natijasida ular tomonidan 2016 yilda iqtisodiyotga 1516,5 mlrd.so`mlik investitsiyalar kiritildi va bu 2015 yilga nisbatan 7,3 foizga ko`pdir.

2016 yilda iqtisodiyotga kiritilgan jami investitsiyalar hajmida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 38,3 foizni tashkil etib, 2000 yilga nisbatan 27,0 foiz birlikka oshgan (12-rasm).

image012

12-rasm. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmidagi ulushi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilayotgan jami investitsiyalar hajmidagi ulushining oshib borishi ularning yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o`zlashtirishga qaratilgan investitsiya maqsadlarida jalb qilinayotgan uzoq muddatli kreditlari hajmining oshishi bilan bog`liqdir. Shu sababli kichik biznes sub`ektlari tomonidan asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning moliyalashtirish manbalari bo`yicha tarkibida o`z mablag`lari va bank kreditlarining ulushi eng yuqori salmoqni tashkil etadi.

Statistik ko`rsatkichlar dinamikasi shuni ko`rsatmoqdaki, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ahamiyati yil sayin oshib bormoqda. Mazkur sohalardagi ijobiy tendentsiyalarga bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, raqobat muhitini rivojlantirish va xususiy mulkni himoya qilishga oid tizimli kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirilishi hisobiga erishilmoqda.

YANGILIKLARGA OBUNA BO'LING

Tugmani bosing Tinglash